Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar bugun o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Buni deyarli barcha sohalar misolida ko‘rish mumkin. Bilamizki, xalq bilan muloqot qilish, xalqning ichiga kirib borgan holda insonlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish, aholini rozi qilish kechiktirib bo‘lmas, muhim masaladir. Bunda davlat va xalq o‘rtasida ishonchli ko‘prik bo‘lib kelayotgan deputatlarning o‘rni alohida.
Xabaringiz bor, mamlakatimizda 2024-yil 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlariga deputatlar saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovda har bir fuqaro o‘zining yorqin kelajagi yo‘lida, orzu-umidlari ro‘yobi uchun ovoz berdi. Albatta, yangi saylangan xalq vakilida deputatlik faoliyati, uning huquq va majburiyatlari, vazifalar nimalardan iborat ekanligi bo‘yicha bir qancha savollar tug‘ilishi yoki takliflar bo‘lishi mumkin. Bunda deputatlarning bilimini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 2025-yil 13-yanvar kungi xatiga asosan, Amudaryo tumani hokimligi binosining majlislar zalida xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari bilimlarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitasi raisi, deputat Sharapat Otemisov, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 5ta siyosiy partiyalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashlari mas’ullari, shuningdek, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatlari, tuman siyosiy partiyalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi kotibiyati mudiri Mansur O‘razboyev ochdi va olib bordi.
O‘quv-seminari davomida deputatlarga odob-axloq qoidalari, ularning huquq va majburiyatlari, huquqni qo‘llash amaliyoti, shuningdek, deputat so‘rovi, senatorlar va deputatlarning “mahalla yettiligi” vakillari bilan hamkorligi, xalq murojaatlarini inobatga olish, aholi muammolariga yechim topish kabi ko‘plab masalalar yuzasidan tushunchalar berildi.
Shuningdek, deputatlar o‘zlarining ish rejalarini, media rejalarini tuzishi, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishi, qabul qilinayotgan Davlat dasturlarining o‘z okrugidagi ijrosini nazorat qilishi hamda 2026 yilgi Respublika va mahalliy budjetlarga takliflar kiritishi bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi. Deputatlar seminar davomida mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollar bilan murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldilar.
Albatta, o‘tkazilayotgan bu kabi o‘quv seminarlari deputatlarning o‘z faoliyatlarida qo‘l kelib, ularning bilimi va salohiyatini yanada oshirishi bilan ahamiyatlidir.
Aziza Madrahimova.
manba: amunews.uz