Is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi

Туман янгиликлари

Is gazidan zaharlanishning oldini olish kuz-qish mavsumining eng dolzarb masalalaridan biridir. Respublika miqyosidagi rahbarlar hududlarga chiqib, og‘ir oqibatlarga olib keladigan, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini tashkil etmoqdalar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Korrupsiyaga qarshi Ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Batir Matmuratov Amudaryo tumanida bo‘lib, qator yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, qator tegishli tashkilotlar hamda mahallalar mas’ullari ishtirokida kuz-qish mavsumi betalafot o‘tkazish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, is gazidan zaharlanishning oldini olish, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Batir Matmuratov kuz-qish mavsumida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritdi. Mahallalar mas’ullari tomonidan aholi xonadonlariga uyma-uy kirgan holda isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish, dudburonlarni tozalash, is gazining inson hayoti uchun xavfli ekanligi yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. Tadbir mobaynida is gazidan zaharlanishga olib keluvchi sabablar va oqibatlar xususida so‘z yuritildi.

Xususan, fuqarolar tomonidan gaz yoki ko‘mir, o‘tin kabi yoqilg‘ining muqobil turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etilmasligi, nostandart va qo‘lbola yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish, isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish va o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazmaslik, isitish pechlarini dam olish va uxlash xonalariga olib kirish, havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov, ya’ni ko‘mir va o‘tin cho‘g‘laridan foydalanish, havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib, to‘sib qo‘yish kabi holatlar inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan is gazi ajralishiga va undan zaharlanishga olib kelishi qayd etildi.

Shuningdek, tadbir mobaynida yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida qator xavfsizlik qoidalariga amal qilish lozimligi ta’kidlandi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Korrupsiyaga qarshi Ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Batir Matmuratov mahallalardagi aholi xonadonlarida bo‘lib, hamyurtlarimizga favqulodda yong‘in holatlarining kelib chiqishi, is gazidan zaharlanishning oldini olish borasida tegishli tavsiyalar berdi.

Jumladan, tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmaslik, isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularni qoida talablari asosida o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish, isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormaslik, gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmaslik, gaz ta’minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish, gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qilish, yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmaslik lozimligi tushuntirildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.