Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 5 sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

Joriy yilning 29-yanvar kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 5-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya majlisida deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi Raisi, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochdi hamda olib bordi.

Sessiya kotibligiga 5-Oybek saylov okrugidan deputat Dilfuza O‘razboyeva saylandi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala Amudaryo tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar hududlarida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilda amalga oshiriladigan ishlar “Yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash to‘g‘risida bo‘lib, ushbu masala yuzasidan sektorlar rahbarlari hisobot berdilar.

1-sektor kotibi Otabek Ollayorovning hisobotida 2019-yil 8-yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan 1-sektor hududida 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Ushbu masala yuzasidan tuman prokurori – 2-sektor rahbari Bahrom Masharipovning hisobotida sektor rahbariyati tomonidan aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rish maqsadida qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bunda asosiy e’tibor sektor hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini aniqlash va bartaraf etish, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftar”ga kiritilgan ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar, yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ijtimoiy soha obyektlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalariga qaratilganligi qayd etildi.

3-sektor rahbari – Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Muxammetali Xojamuratovning hisobotida Prezident qarori asosida sektorlar faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan tuzilmalarda sektorlar bo‘yicha faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berilganligi, jumladan, sektorlar faoliyatiga “tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili joriy etilganligi, unga ko‘ra, hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralarida sektorlar bo‘yicha vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan 4-sektor rahbari – Amudaryo tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimovning hisobotida aholining shikoyat va murojaatlari, takliflarini o‘rganish, aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish maqsadida korxona-tashkilotlar bilan hamkorlikda 2024-yil davomida 75ta sayyor qabul o‘tkazilgani, ushbu sayyor qabullarda jami 341ta murojaatlar kelib tushgani, ushbu murojaatlarning 292tasi, yoki 85,6 foizi ijobiy hal qilingani, 49 nafar murojaatchilarga esa tushuntirishlar berilgani qayd qilindi.

Sessiya majlisida Amudaryo tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Mansur Sadikov Prezidentimiz tomonidan 2022-yil 17-martda qabul qilingan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2022-yil 18-martdagi “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 173-sonli qarori ijrosini ta’minlash borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar xususida so‘z yuritdi.

Sessiyada Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Bekzod O‘rinboyev yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan hisobot berdi. Hisobotda “Yoshlar balansi” asosida 2024-yil yanvar-fevral oylarida mahallalarda 14-30 yosh oralig‘ida 53 ming 940 nafar yoshlar xatlovdan o‘tkazilib, ijtimoiy ahvoli, qobiliyati hamda qiziqishlariga qarab 7 toifaga ajratilgani, 23 ming 216 nafar yoshlarning ro‘yxati shakllantirilib, 6 nafari huquq-tartibot organlariga biriktirilgani va shu asosda tegishli ishlar tashkil etilgani ta’kidlandi.

Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi, hisobotlar va fikr-mulohazalar, takliflar tinglanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuning bilan xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining beshinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.