
Ayol bilan olam munavvar, degan iborani juda ko‘p ishlatamiz. Ayolga, onaga mehr va ehtiromimizni ifodalash uchun so‘zlar xazinasidan eng go‘zal marjonlar tizishga harakat qilamiz. Baribir ko‘nglimiz to‘lmaydi, axir balandparvoz gaplar bilan uni baxtiyor qilishning iloji ham yo‘q-da. Baribir ayolning hayotini yaxshi va nurli tomonga o‘zgartirish maqsadida uning og‘irini yengil, mushkulini oson qilgimiz kelaveradi. Buning uddasidan goho chiqsak, goho ayolni qiynayotgan muammolar yechimini topishda davlatimiz g‘amxo‘rligiga suyanamiz.
Amudaryo tumanida istiqomat qiluvchi 215 ming nafardan ziyod aholining deyarli teng yarmini — 104 ming 534 nafarini ayol-qizlar tashkil etadi. Tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi faoliyatining mazmun-mohiyatida ham ana shu ayollar uchun yengilliklar yaratish, muammolarini joyiga chiqqan holda tizimli hal etish, sektorlar rahbarlarining takliflari asosida mahallabay ishlash, ayollarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar mujassam.
O‘tgan 2024-yil davomida 5-bosqich “Ayollar daftari” ro‘yxatiga jami 5 ming 600 nafar xotin-qizlar kiritilib, ulardan 5 ming 525 nafari turli toifadagi ijtimoiy yordamlar bilan qamrab olindi.
Prezidentimizning 2024-yil 7-mart kungi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida aprel oyida barcha mahalla va ovullarda xatlov o‘tkazildi. Xatlov natijasiga ko‘ra, 5 ming 841 nafar xotin-qizlar ishsizligi aniqlandi. Olib borilgan amaliy chora-tadbirlar tufayli hozirgi kunga qadar 5 ming 778 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.
Oila, deb atalmish mo‘jaz vatanning har tomonlama gullab-yashnashi, oila a’zolarining o‘zaro mehr-oqibatli, totuvlikda yashashlari ko‘p jihatdan oila bekalariga bog‘liq.
Shu bois, tumanda oilaviy qadriyatlarni yanada mustahkamlash, ayolning jamiyatdagi nufuzini oshirish, el-yurtda katta hurmat va e’tiborga munosib oilalar bekalarining katta hayotiy tajribalarini yosh oilalar o‘rtasida keng ommalashtirish maqsadida “Oila va xotin-qizlar maskani” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Donishmand xalqimiz zakosi tufayli yaralgan durdona hikmatlardan biri ayol-qizlarni bilimli, kasb-korli qilishning jamiyat ravnaqi uchun mislsiz ahamiyatiga qaratilgani ayolga e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasidir. Unga ko‘ra, “Bir yigitning bilim olishi bitta oilaning, bir ayol-qizning ilmli bo‘lishi — butun jamiyatning o‘qimishli va ma’nan boy bo‘lishining kafolatidir.” Bu borada Amudaryo tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ibratga, e’tiborga munosib. Xususan, o‘tgan 2024-yil davomida Prezident Farmonlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Qaroriga ko‘ra, jami 260 nafar xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.
Tumanda oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy kelishmovchiliklarning oldini olish, begunoh bolalarning arzimagan sabablar bilan yarim yetim bo‘lib qolishlarining oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar tufayli 2024-yil davomida “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyalari tomonidan ajrashish yoqasiga kelib qolgan 113ta oila yarashtirilishiga erishildi.
Ayni paytda Amudaryo tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan 2025-yil uchun belgilangan ulug‘vor rejalarni bajarish borasidagi ishlarga dadillik bilan kirishilmoqda. Unga ko‘ra, 2025-yilda 4073 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi.
Sayhunobod tajribasi bo‘yicha 1065 nafar xotin-qizlar asalarichilik, parrandachilik, issiqxona, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarda kasb-hunarga o‘qitiladi. Shuningdek, lider tadbirkor ayollarga 385 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni biriktirish orqali daromad topishga o‘rgatiladi.
Biznesini kengaytirishga ko‘maklashish orqali 1295 nafar xotin-qizlar tomonidan 2590ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yil davomida 20ta xonadonda meva, sabzavotlar, sut mahsulotlarini qayta ishlash, mato to‘qish, tikish va boshqa yo‘nalishlardagi kichik ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish, mehnat muhojirligidan qaytgan 140 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Shuningdek, ipakchilik sohasida 6210 nafar xotin-qizlar band qilinib, o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari ko‘magida daraxt, gul ko‘chatlari yetishtirish bo‘yicha 70 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitiladi.
Boquvchisini yo‘qotgan 950 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, 3ta mahallada bo‘sh bino yoki 3 sotixli yer maydonida “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari” tashkil etilib, nizoli 5ta oila bilan manzilli ishlash, 4ta mahallada “Sog‘lom oila maslahat markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali oilani ixtiyoriy rejalashtirish, sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi talablari bo‘yicha o‘qitish ishlari tashkil etiladi va profilaktik hisobda turgan 125 nafar xotin-qizlar bilan alohida ishlar olib boriladi.
Tumanda xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish maqsadida 455 nafar ayol-qizlarni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali iste’mol bozorida xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va ushbu yo‘nalishda savdo-sotiq faoliyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarning barchasi oila institutini yanada rivojlantirish, ayollarning ijtimoiy faolligini yuksaltirish, ularning nafaqat oilada, balki jamiyatdagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan. Chunki ayolning ko‘ngli xotirjam bo‘lsa, oila baxtli, jamiyatimiz tinch, osuda, mamlakatimiz tobora farovonlashib boraveradi. Zotan, ayol mehri-muhabbati bilan nainki oila, butun olam munavvar!
Robiya Yo‘ldosheva.
manba:amunews.uz