G‘allachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning yuqoriligi tufayli oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligidagi mavjud imkoniyat hamda resurslardan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish, qolaversa, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim masalalar sifatida qaralmoqda.

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida tashkil etilgan seminar ham qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan bo‘lgan g‘allachilikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Seminarda respublika miqyosidagi agrar soha mas’ullari, professor, olimlar kun tartibidagi mavzu yuzasidan taqdimotlar orqali keng tushunchalar hamda yangi bilimlar berdilar.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, tumandagi qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, tijorat banklari rahbarlari, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda g‘allachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdilar.

Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, agrar soha bilan shug‘ullanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar hamda shart-sharoitlar yaratilganligini, ulardan o‘z vaqtida unumli foydalanish lozimligi xususida so‘z yuritdi. Tuman hokimi o‘z so‘zida soha rivoji yo‘lidagi islohotlarni alohida ta’kidlab o‘tdi.

Jumladan, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud tabiiy xom ashyo resurslaridan samarali foydalanish orqali sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, tadbirkorlik va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligini ta’minlash hamda turmush darajasini oshirish maqsadida imzolagan “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 66-sonli qarori bilan keng imkoniyatlar eshiklari ochilganligini alohida qayd etdi.

Shuningdek, seminarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi asosiy maqsad mo‘l hosil olish va yaxshi daromad olishdan iborat ekanligi ta’kidlanib, hosildorlikni oshirishda qator tavsiyalar berildi.

Xususan, ekinlarning hosildorligi yuqori bo‘lishida asosan to‘g‘ri amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar, o‘simlik o‘sishi hamda rivojlanishi davridagi ob-havo sharoiti, bundan tashqari, tuproqning xususiyatlari, navlarni to‘g‘ri tashlash, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish kabi omillar muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

Qolaversa, boshoqli don ekinlarini yetishtirishda suv ta’minoti og‘ir maydonlarga suv tejovchi yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish hisobiga hosildorlikni yanada oshirish, urug‘ni g‘o‘za qator oralariga aniq me’yorlarda va bir xil chuqurlikda ekish orqali uni tejash hamda barvaqt unib chiqishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Seminarda mutaxassislar fermer va dehqonlarga yuqori g‘alla hosili olish bo‘yicha zarur tavsiya va tushunchalar berib, savollariga ilmiy asoslangan javoblar berdilar.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.