
Bugungi kunda aholini kambag‘allikdan chiqarish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, bandlikni ta’minlashga eng ustuvor vazifalar sifatida alohida e’tibor qaratilib, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan bu borada muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Amudaryo tumanida tashkil etilgan respublika miqyosidagi seminar ham aynan ushbu masalalarga bag‘ishlandi.
Tuman hokimligining majlislar zalida o‘tkazilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi mas’ullari, vazirliklar, respublika va tumanlar miqyosidagi tegishli tashkilotlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlarining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari ishtirok etdi. O‘zaro bilim va tajriba almashish maqsadi ko‘zlangan seminarda so‘zga chiqqanlar kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirdilar.
Seminarda so‘zga chiqqanlar tomonidan hududlarda aholi turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarining natijadorligiga erishish maqsadida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Shuningdek, aholi bandligini ta’minlashda tomorqalardan samarali foydalanish, uy sharoitida dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik, parrandachilik, tarmoqa xo‘jaligi bilan shug‘ullanishni tashkil etish, har bir hudud uchun mo‘ljallangan “drayver” loyihalarni ishlab chiqish kabi vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Seminar ishtirokchilari tuman hududidagi ovul va mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Dastlab seminar ishtirokchilari Boy ovul mahallasida tadbirkor Doniyor Jumamuratov tomonidan uy sharoitida tashkil etilgan mebel ishlab chiqarish sexi faoliyati bilan tanishdilar.
Keyingi manzil Beruniy mahallasida yashovchi hunarmand Inobat Xo‘janiyazovaning xonadoni bo‘ldi. Mehmonlar oila bekasi tomonidan uy sharoitida tashkil qilingan hunarmandchilik faoliyati bilan yaqindan tanishib, uning tajribalari boshqa hududlarda ham ommalashtirish taklifini bildirdilar.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari Choyko‘l ovulida yashovchi fuqaro Davlatboy Bobojonovning tomorqasidan samarali foydalanib, to‘qsonbosti usulida ekinlarni yetishtirish borasida erishayotgan natijalari bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga namunali tomorqachidan javoblar oldilar.
Navbatdagi manzil ham shu ovuldagi ilg‘or tomorqachi Mahmud Norboyevning xonadoni bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari xonadon egasining tomorqasida va dehqon xo‘jaligida tashkil etgan issiqxonalari faoliyati bilan tanishdilar hamda qishning izg‘irinli kunlarida issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar aholi dasturxonining to‘kinligi va bozorlardagi narx-navoning barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shishini e’tirof etdilar.
Mehmonlar shuningdek, chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishib, bu borada tomorqa xo‘jaliklarining hissasi alohida ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdilar. Qangli ovulida yashovchi Gulmon Saparov tomonidan uy sharoitida tashkil etilgan parrandachilik va issiqxona faoliyati bu ishlarga yaqqol misoldir.
Mas’ullar tadbirkorlar, tomorqachilar hamda hunarmandlar bilan suhbatlar mobaynida ushbu tarmoqlarni yanada rivojlantirish borasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar xususida so‘z yuritdilar hamda ulardan unumli foydalanish yuzasidan qator tavsiyalar berdilar.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.