
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mavjud resurslarni va ishga solinmagan salohiyatni jalb etish orqali energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya sarfi hajmini keskin kamaytirish, shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Amudaryo tumanida tashkil etilgan seminarda ham shu kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Tumanimizning Toshqal’a mahallasida respublika miqyosidagi mas’ul rahbarlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan seminarda energiya samaradorligiga erishish, energiya tejamkor vositalardan foydalanish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi masalalar xususida so‘z yuritildi.
Seminarda Respublikadagi shahar va tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, tijorat banklari mas’ullari, tashkilotlarlar rahbarlari hamda aholi vakillari ishtirok etdi. Unda mas’ullar tomonidan energiya tejamkorligi bugunning eng ahamiyatli masalasi ekanligi, mavjud resurslardan samarali foydalanish, qolaversa, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, xonalarining eshik va deraza romlari qishda issiq, yozda sovuq haroratni saqlash uchun izolyatsiya qilingan bo‘lishi, energiya tejamkor maishiy texnika va yoritish uskunalaridan foydalanish – energiya samaradorligi uchun dastlabki qadam hisoblanadi. Shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gazdan tejamkorlik bilan foydalanib, yuqori samaradorlikka erishish mumkin. Isitish va sovitish jihozlaridan ham to‘g‘ri, oqilona foydalanish – resurslarni tejashga va eng muhimi oila xarajatlarini minimallashtirishga xizmat qiladi.
Seminarda bino-inshootlarni, xonadonlarni loyihalashtirishda qurilish materiallarini to‘g‘ri tanlash, jihozlash jarayonida ham energiya resurslaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi va tegishli tavsiyalar berildi.
Darhaqiqat, mavjud energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish – davr talabi. Masalan, foydalanilmayotgan elektr jihozlari va yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, ya’ni ofis yoki yashash xonalaridan chiqayotganda elektr jihozlarini kutish rejimida qoldirmasdan, ularni o‘chirib, tarmoqdan uzish orqali ham tejamkorlikka hissa qo‘shish mumkin. Shuningdek, ish joyi va xonadonlarni ko‘proq tabiiy yorug‘likdan ya’ni quyosh nuridan foydalangan holda yoritishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Seminarda bundan tashqari kambag‘allik darajasini qisqartirishda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, uy sharoitida dehqonchilikni rivojlantirish, bu boradagi bilimlarni yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi. Tadbirkorlini rivojlantirish borasidagi yangi imkoniyatlar, yoshlarni, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.