
Xalqimiz tilida tez-tez takrorlanadigan, quloqqa xush yoqadigan tilaklar ko‘p. Ayniqsa, biron joyga boradigan bo‘lsak, albatta, “yo‘lingiz ravon bo‘lsin”, deyishadi. Bu tilak mazmunida manzilga bexatar yetish, safarni sog‘-salomat ado etishdek ezgu niyatlar mujassam. Ana shu niyatlarning ro‘yobi uchun xalqimiz azal-azaldan o‘zlari yashab turgan hududlarni obodonlashtirish, ayniqsa, yo‘llarni ta’mirlash, boradigan manzillariga bexatar yetib olish maqsadida bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etishga o‘zlarini mas’ul deb bilishgan.
Shu yilning 28-yanvar kuni Amudaryo tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tuman hududini har tomonlama rivojlantirish, eng chekka qishloqlarda ham keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlarini olib borish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar belgilanib, shu kunning o‘zida tuman hududidagi tuproqli dala yo‘llarini qum-shag‘al aralashmali yo‘llarga aylantirish va keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan boshlab yuborilgan edi.
Tumanning Qilichboy mavzesidagi Toshqal’a mahallasi hududidan boshlangan tuproq yo‘llarni qum-shag‘al aralashmali yo‘llarga aylantirish borasidagi ishlar bugungi kunda qator ovul va mahallalar hududlarida jadallik bilan davom ettirilmoqda. Hozirgi bosqichda tumandagi 16 ovul va mahallada 107 kilometr masofadagi tuproqli yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ko‘zda tutilgan.
Xususan, Xolimbeg ovuli hududidagi 7 ming 550 metr masofadagi ichki yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, 5 fevral sanasiga qadar 3,7 kilometr masofadagi ichki ko‘chalarni ta’mirlash ishlari sifatli yakunlandi. Shuningdek, Choyko‘l ovuli hududidagi 3 kilometr 465 metrlik ichki yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasini yotqizish rejalashtirilgan. Mazkur hududda shu kungacha 1,78 kilometr masofadagi ichki yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasi yotqizishga muvaffaq bo‘lindi va bu ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan e’tirof etish kerakki, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlariga tumanimiz aholisi hamda hududlardagi fermer xo‘jaliklar rahbarlari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar. Fermerlar maxsus texnikalari yordamida ta’mirlanayotgan ichki yo‘llar uchun qum-shag‘al aralashmasini tashish ishlariga yaqindan yordam berishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tumanda eng og‘ir ahvoldagi 7 ta, ya’ni Bobur va Amir Temur nomli, Qangli, Bo‘z yop, Kuyuk-ko‘pir, Oq oltin ovullari hamda Uyshin mahallasi tanlab olinib, mazkur hududlarning infratuzilmasini rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Uyshin mahallasida ham infratuzilma bilan bog‘liq bir qator ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, mahalla hududida elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 2ta transformator o‘rnatiladi, 3 kilometr masofada SIP kabel tortilib, 150 ta beton tayanch ustunlar va 120ta tungi yoritgich o‘rnatish orqali 155 ta xonadonning elektr ta’minoti yaxshilanadi. Shuningdek, 10 kilometr masofadagi ichki yo‘llarni shag‘allashtirish rejalashtirilgan. Mazkur ichki yo‘llarning ta’mirlanishi mahalladagi 260ta xonadonda yashovchi aholining yo‘llari ravon, mushkullari oson bo‘lishini ta’minlab, qishda loygarchilikdan, yozda chang-tuproqdan xalos bo‘lishlari uchun imkon yaratadi.
Uyshin mahallasi hududida mahalla ahlining hamjihatligi, qolaversa, hududda faoliyat olib boruvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlarining elparvarligi va tashabbuskorligi tufayli ayni paytda mahallaning markaziy ko‘chalarini hashar yo‘li bilan ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Fermerlar o‘z mahalladoshlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, hasharchilarni mahalla hududidagi markaziy ko‘chalarni shag‘allashtirishda zarur bo‘lgan texnika vositalari bilan ta’minlaganlari bois, bu boradagi ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
ROBIYA YO‘LDOSHЕVA.
manba:amunews.uz