
Amudaryo tumanida 2024-yil davomida ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha sezilarli o‘sishga erishildi. Tuman Statistika bo‘limining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra tumanda sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, chakana savdo va eksport hajmi oshib, iqtisodiy rivojlanishning barqaror sur’atlari kuzatilmoqda. Ayniqsa, kichik tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki yuqori bo‘lib, hudud iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
2024-yilda Amudaryo tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 trln. 79,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 12,1 foizga oshdi. Aholi jon boshiga sanoat ishlab chiqarish hajmi 9 mln 723,7 ming so‘mni tashkil etdi, bu esa mos ravishda 10,3 foizlik o‘sishni anglatadi.
Tumanda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 598,2 milliard so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 43,6 foizga oshdi. Bu esa hududda iqtisodiy faoliyatni kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmi ortayotganidan darak beradi.
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi umumiy ishlab chiqarish hajmi 3 trln. 274,5 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 4,2 foizga oshdi.
Qurilish sektorida ham o‘sish sur’atlari qayd qilingan. Yil davomida qurilish ishlari hajmi 324,8 milliard so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 5,4 foizga oshgan. Aholi jon boshiga qurilish ishlari hajmi esa 3,6 foizga o‘sdi. Ushbu o‘zgarishlar infratuzilma va uy-joy qurilishi rivojlanayotganini tasdiqlaydi.
Tumanda chakana savdo aylanmasi hajmi 903,7 milliard so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga oshdi. Aholi jon boshiga chakana savdo hajmi 4 mln 225 ming so‘mni tashkil etdi. Bozor xizmatlari hajmi esa 869 milliard so‘mni tashkil etib, 17,4 foizga o‘sdi. Bozor xizmatlari hajmi aholi jon boshiga 15,4 foizga oshgani ushbu sektorning ham rivojlanish tendensiyasini aks ettiradi.
Tashqi savdo ko‘rsatkichlari ham ijobiy o‘zgarishlarni namoyon etdi. Tumanning eksport hajmi 15,5 million AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga oshgan. Import hajmi esa 1,6 million AQSH dollariga teng bo‘lib, 42,1 foizni tashkil etdi. Eksportning oshishi va importning nisbatan pasayishi ichki ishlab chiqarishning mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Amudaryo tumanida kichik tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy faolligi yuqori. Sanoat sohasida kichik biznes ulushi 74,8 foizni, investitsiya sohasida 50,3 foizni tashkil etdi. Qurilish sektorida bu ko‘rsatkich 90,9 foizga yetgan. Chakana savdoda kichik tadbirkorlik ulushi 97,9 foizni, xizmatlar sohasida esa 70,3 foizni tashkil etdi. Eksport hajmining 94,6 foizi ham kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ta’minlangan.
2024-yil davomida Amudaryo tumanining iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari ijobiy sur’atda o‘sdi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmatlar sektorlarining uyg‘un rivojlanishi hudud iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlamoqda. Kichik tadbirkorlikning iqtisodiy jarayonlardagi ulushi yuqori bo‘lib, bu raqobatbardosh muhit yaratish va ish o‘rinlarini ko‘paytirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Shohzod Qurbonboyev.
manba: amunews.uz