
So‘nggi yillarda mamlakatimizda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 30-yanvar sanasida o‘tkazilgan yig‘ilishida tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli ekinlar yetishtirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi hamda bu borada qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
28-fevral kuni Amudaryo tumanida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida “Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosidagi ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Tursunxon Xudaybergenov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Vazirlar Kengashining Raisi Farhod Ermanov ishtirok etdi.
Shuningdek, mazkur ko‘rgazmali seminarda respublikadagi tegishli tashkilotlar mas’ullari, barcha tumanlarning sektorlar rahbarlari, og‘ir toifaga kiritilgan mahallalar mas’ullari qatnashdilar.
Dastlab mehmonlar “Qipchoq” shaharchasi hududidagi “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidiga tashrif buyurishdi. Masjidda muborak Ramazon oyida respublikada boshlanayotgan ishlarning xayrli bo‘lishi uchun Qur’on tilovat qilinib, duoga qo‘l ochildi.
Seminar doirasidagi keyingi manzilda ishtirokchilar Jayxun ovulida “Nukus Dilisha” MCHJ tomonidan ishga tushirilgan “Un ishlab chiqarish” loyihasining ochilish marosimida ishtirok etishdi. Mehmonlar tumanda ishlab chiqarish salmog‘ini yuksaltirishga katta hissa qo‘shadigan un ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, mehmonlar e’tiboriga tumandagi tadbirkor va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Nukus Dilisha” MCHJning tashabbuskor rahbari Bahrom Yo‘ldashev tomonidan qiymati 15 mlrd. so‘mlik mazkur un ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilishi natijasida 51 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Seminar ishtirokchilari choyko‘llik Mahmud Norbayev tomonidan tomorqa va dehqon xo‘jaligidan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdilar. Tomorqachi yurtimizda tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga tashkil etgan issiqxonasida 30 nafardan ortiq ishsiz xotin-qizlarni mavsumiy ish bilan ta’minlab kelmoqda.
Mahmud Norboyev dastlab 2022-yilda mahalladagi hokim yordamchisi tomonidan 33 mln. so‘m miqdorida kredit olib, tomorqasida 9 sotix issiqxona tashkil qilish orqali o‘z faoliyatini boshlagan. Shuningdek, tadbirkor faoliyatini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 306-sonli qaroriga asosan 230 mln. so‘m kredit olib, 1,5 gektar yer ijaraga olgan va bu yerda qo‘shimcha 21 sotix issiqxona tashkil qilgan. Bugungi kunda jami 30 sotix issiqxonada pomidor va bodring yetishtirilmoqda. Ekilgan har bir ko‘chatdan o‘rtacha 5 kg hosil olinib, ichki bozorlarga sotilishi natijasida tomorqachi bir yil davomida 300 mln. so‘mgacha daromad olmoqda.
Seminar davomida Choyko‘l ovuli hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlarini ekish tadbiri ham tashkil etilib, unda 2 gektar yer maydonga yaxshi niyatlar bilan mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Tadbirda yoshlar, nuroniylar, respublika, shahar va tuman sektor rahbarlari ishtirok etdi.
Keyingi manzilda respublika ko‘rgazmali seminari ishtirokchilari O‘rta qal’a ovulida o‘z tomorqasining 1 gektar maydonida issiqxona tashkil qilib, mo‘l hosil olayotgan Rustam Yusupovning faoliyati bilan tanishdilar va aholi tomonidan kooperatsiya asosida tashkil qilingan issiqxonalarda ko‘chat va sabzavotlar yetishtirish faoliyatini ko‘zdan kechirdilar.
2023-yilda 1 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonada pomidor, bodring mahsulotlari yetishtirilayotgan bo‘lib, har yili jami 50 tonnadan ortiq hosil olinmoqda va tomorqachi 500 mln. so‘m atrofida daromad ko‘rmoqda.
Shundan so‘ng mehmonlar Chordara mahallasida joylashgan “Tomorqa xizmati” MCHJning bazasida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jamiyat tomonidan aholi tomorqasiga 12 yo‘nalishdagi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Ishtirokchilar jamiyatning aholining tomorqasidan ko‘proq daromad olishiga ko‘maklashishga qaratilgan choralar, shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, tadbir davomida faol tomorqa egalari va fermer xo‘jaliklari rahbarlariga maxsus texnikalar tantanali ravishda topshirilib, hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan qaror va farmonlari asosida yaratilgan imkoniyatlar haqida keng to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etish joizki, jamiyat tomonidan 700 tonnalik sovutgichli omborxona, 40 ming dona jo‘ja chiqarish inkubatoriyasi, kuniga 1000 litr sutni qabul qilish va qayta ishlash sexi, yiliga 3000 tonna mosh va 2000 tonna kunjut mahsulotlarini qayta ishlash, 400 tonna mevani quritish sexlari tashkil qilingan bo‘lib, 75 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Buguni kunda tumandagi 37 ming xonadon tomorqasiga kompleks xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Seminar mobaynida tumandagi so‘lim maskanlarning birida tomorqadan samarali foydalanish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova so‘zga chiqdi.
Yig‘ilishda joylardagi og‘ir sharoitdagi mahallalarni obod qilish, aholining tomorqadan samarali foydalanish madaniyatini oshirish, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ishlarni tashkil etish va fuqarolar tomonidan kooperatsiyalar tuzilishiga ko‘maklashish, eng asosiysi, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha dolzarb masalalar xususida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, tomorqaga kompleks xizmatlar ko‘rsatuvchi subyektlar sonini ko‘paytirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, faoliyatini yanada kengaytirish va aholi tomorqalarini xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yanada oshirish lozimligini alohida ta’kidladilar va shu yo‘nalishlarda ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.
(Foto: Jo‘qorg‘i Kengesning Axborot xizmati)