BAHOR — ONALAR FASLI!

Derazamni ochdim tong sahar,

Mart havosi to‘ldi xonamga.

Silaganda yuzim sabolar,

O‘xshab ketdi munis onamga.                    

 

Iliqqina mehr taftidan,                       

Yuragimda uyg‘ondi sog‘inch.                     

Xayolimda tuydim daf’atan,                  

Bahoriy his, yoqimli ovunch.

 

Shu yoqimli ovunch hamrohim,

Har bahorda dilim allalar.

Yodga tushar baxtli onlarim –

Onam bilan kechgan pallalar...                            

 

Sog‘inaman onajonimni,                         

Bahordayin qaytib kelsaydi.                              

Mart kelganda xonadonimni,                               

Bahor bo‘lib kezib yursaydi...

 

Bahor asli – ONAlar fasli,

Yashnatuvchi jumla jahonni.   

Gulga o‘rab odamzot naslin,

Uyg‘otguvchi mudragan jonni.                  

 

Axir udir bolam, deb giryon,                 

Oilam, deb yashar jonsarak.                   

Bahordayin charx urib har yon,                               

Ezguliklar yo‘lida halak!

 

Yoningizda onangiz bormi?

Demak, baxt tojin kiyibsiz.

Va oralab mehr gulzorin,

Haroratli taftin tuyibsiz.                   

 

Shul mehrni iching sipqorib,                

Onangizni ko‘taring boshga.                     

Vujudingiz nurlarga qorib,                  

Singib yashang o‘shal QUYOSHga!   

ROBIYA.
Rasm sun’iy intellekt tomonidan chizilgan.
manba: amunews.uz