2024-yil 29-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Noturar ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va unga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 795-son qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat davlat xizmatlarini soddalashtirish, hujjatlashtirish jarayonini tezlashtirish va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan ma’muriy reglament tasdiqlandi. Bu reglament orqali yuridik shaxslar o‘rtasida noturar ko‘chmas mulkni butunligicha boshqa shaxsga o‘tkazishga oid ikki tomonlama shartnomalarni rasmiylashtirish va unga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilab berildi. Qarorning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- Yangi xizmat tartibi: Endilikda noturar ko‘chmas mulkni o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yagona integratsiyalashgan xizmat orqali amalga oshiriladi.
- Shartnomalar turlari: Ushbu qaror faqat ikki tomonlama shartnomalar (oldi-sotdi, ayirboshlash, ijara, qarzga berish va boshqa shartnomalar) uchun amal qiladi. Hadya va renta shartnomalari ushbu reglament doirasiga kirmaydi.
- Davlat xizmatining soddalashtirilgan shakli: Bir nechta muassasalarga alohida murojaat qilish o‘rniga, arizachi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin
- Xizmat ko‘rsatish muddati: Ushbu xizmatning amalga oshirilish muddati aniq belgilangan bo‘lib, arizachilarga tezkor va qulay xizmat ko‘rsatish maqsadida vaqt jihatdan optimallashtirilgan.
- Davlat bojlari va to‘lovlar: Noturar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari ham belgilangan bo‘lib, bu mablag‘lar tegishli davlat xizmatlari organlari tomonidan undiriladi.
Ushbu qaror orqali ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq jarayonlar yanada shaffof va tezkor bo‘lishi kutilmoqda. Quyida ushbu hujjatning amaliy jihatlari tahlil qilinadi:
Tadbirkorlik subyektlari uchun qulayliklar
- Qaror biznes yurituvchi subyektlarga quyidagi afzalliklarni taqdim etadi:
- Ko‘chmas mulkni o‘tkazish bo‘yicha hujjatlarni bir joyda rasmiylashtirish imkoniyati.
- Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza topshirish yoki onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati.
- Hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘liq vaqtni tejash.
Davlat xizmatlari sifatini oshirishda
- 795-son qaror davlat xizmatlarini yanada raqamlashtirish va ularni byurokratik kechikishlarsiz amalga oshirish uchun imkon yaratadi. Bu esa:
- O‘zbekistonning Biznes yuritish qulayligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashiga xizmat qiladi.
- Davlat xizmatlari tizimida fuqarolar va yuridik shaxslar uchun ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytiradi.
Yangi reglament asosida blokcheyn texnologiyalaridan foydalanish, elektron raqamli imzo orqali tasdiqlash va avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan. Bu esa kelajakda jarayonning shaffofligini ta’minlaydi va hujjatlar soxtalashtirilishining oldini oladi.
A.Tursunboyev, Amudaryo tumani Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi.