Aholi tomorqalari va ijaraga olingan yerlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi

Amudaryo tumanidagi mahallalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy qilingan yangi tizim asosida tomorqa va aholi tomonidan ijaraga olingan yerlardan samarali foydalanish, shu orqali oilalar daromadlarini oshirish masalasida seminar tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anvar Jumanazarov, Sanoat, qurilish, transport va aloqa masalalari qo‘mitasi raisi Islam Sdiqov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tumandagi 49 ta ovul va mahallalar “yettilik”lari, tijorat banklari mas’ullari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Seminar ishtirokchilari dastlab tumanning Do‘rman ovulida yashovchi namunali tomorqachilar faoliyati bilan tanishdi. Do‘rmanlik Sardor Abdirimovning 5 sotix yer maydonida yetishtirilayotgan qulupnayidan bu yil ilk hosil olinmoqda. Sardor Abdirimovning dehqonchilik faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadidagi tashabbusi hokim yordamchisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, o‘tgan yili tadbirkorlik uchun 100 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan va ushbu mablag‘ evaziga tomorqadagi 5 sotix yer maydoniga issiqxona qurilgan edi. Ayni paytda oilaviy mehnat natijasida issiqxonada yetishtirilayotgan qulupnaylar pishib, hosilga kirgan. Qulupnay hosilidan esa 150-200 mln so‘mgacha daromad olish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, dehqonchilikning sir-asrorlarini ota-bobolaridan o‘rganib kelgan do‘rmanlik Islombek Xo‘janiyazov tomorqasidagi 4 sotix yer maydonida tashkil etilgan issiqxonada ham turli xil ko‘chatlar yetishtirmoqda. Qolaversa, pomidor va bodring mahsulotlaridan ham yaxshigina daromad olinadi. 2023-yilda hokim yordamchisining qo‘llab-quvvatlashi bilan 27 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga issiqxonada yetishtirilgan ko‘chatlar va mahsulotlarni ichki bozorlarda sotish yo‘lga qo‘yilgan. Shu orqali oilaning 4 nafar a’zosining bandligi ta’minlangan. Yerdan va yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish natijasida oilaning umumiy yillik daromadi 90-100 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy qilingan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishi orqali daromadlarini oshirish maqsadida Do‘rman ovuli Oltin soy ko‘chasida har biri 1 sotixdan bo‘lgan 20 ta issiqxonalar qurilib, hudud aholisining bandligi ta’minlanishiga va daromad olishiga zamin yaratilmoqda.

Seminarda mobaynida nafaqat dehqonchilik, balki chorvachilik, parrandachilikni ham yo‘lga qo‘ygan do‘rmanlik Qudrat Yo‘ldashevning faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Xonadondagi 20 sotix tomorqada yetishtirilayotgan turli sabzavot mahsulotlaridan yiliga ikki marta hosil olinayotgan bo‘lib, daromad ham yaxshigina.

Xolimbeg ovulida yashovchi namunali tomorqachi Erkinboy Qo‘shayev faoliyatini o‘rganish mobaynida ko‘rgazmali seminar ishtirokchilari limon yetishtirish bo‘yicha o‘zaro bilim va tajriba almashdilar. Tomorqaning 1 sotix yer maydonida tashkil qilingan issiqxonada yetishtirilayotgan limondan bu yil ikkinchi marotaba hosil olinmoqda. Shuningdek, limon ko‘chatlarini ko‘paytirish orqali tumanning boshqa hududlarida ham ushbu faoliyatni rivojlantirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, tomorqada qulupnay, xurmo mevalari, kartoshka, piyoz, karam kabi turli sabzavotlardan ham yaxshi hosil olinadi. Erkinboy Qo‘shayev quyonchilik, chorvachilik va parrandachilikni ham yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, oilaviy mehnat natijasida yillik daromadi 90-100 mln so‘mni tashkil etadi.

Seminar ishtirokchilarining keyingi manzili Oq oltin ovulida ko‘chat yetishtirishda ilg‘or tomorqachilardan biri bo‘lgan Anvar Kamolov xonadoni bo‘ldi. Seminar ishtirokchilari yuqori bayramona tayyorgarlikda kutib olindi. Milliy taomlarimiz, oziq-ovqat mahsulotlari bilan bezatilgan dasturxon Navro‘zning tobora yaqinlashayotganini yana bir bor esga soldi.

Tomorqada tashkil qilingan issiqxonada turli xil ko‘chatlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2023-yilda hokim yordamchisining ko‘magi bilan 33 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga olingan mototransport vositasi orqali yetishtirilgan ko‘chatlarni ichki bozorga olib borib sotish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, buyurtma asosida ham ko‘chatlar yetishtirilib, tadbirkor bir yil davomida 60-70 mln so‘mgacha daromad olmoqda.

To‘lqin ovuli ham dehqonchilik, tomorqachilik yuqori darajada rivojlangan hududlardan biri bo‘lib, namunali tomorqa yer egalari ham talaygina. Shulardan biri Mansur Muxtarov tomorqasda 3 sotix yer maydonida ko‘chatchilik uchun issiqxona tashkil qilib, 5-6 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlagan. Issiqxonada turli gullar, sabzavotlar va poliz ekinlari ko‘chatlari yetishtirilib, ovul aholisiga hamda ichki bozorda sotish yo‘lga qo‘yilgan. Tomorqa haqiqiy daromad manbai ekanligini bilgan tadbirkor o‘z faoliyatini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

To‘lqinlik yana bir ilg‘or tomorqachi Azimjon Muxtarov esa 7 sotix issiqxonasida pomidor va bodring mahsulotlarini yetishtirib, 2 marotaba yaxshi hosil va yuqori daromad olib kelmoqda.

Seminar ishtirokchilari tomorqalar hamda ijaraga olingan yerlarda tashkil etilgan ishlar bilan tanishish mobaynida o‘zlari ham ushbu soha bo‘yicha qo‘shimcha bilim va tajribaga ega bo‘ldilar.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.