O‘ZBЕKISTON FЕRMЕRLARI KЕNGASHINING FЕRMЕR XO‘JALIKLARIGA MUROJAATI

Hurmatli fermerlar!
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi sohamiz vakillarini ruhlantirib yuborgani shubhasiz. Eslaylik, Prezidentimiz bundan yetti-sakkiz yil ilgari yetarlicha qadrlanmagan, dehqon-fermerlarning paxta yetishtirib daromad ko‘rmayotganligini alohida e’tirof etib, paxta yetishtirish budjet tashkiloti xodimlarining majburiy mehnati evaziga amalga oshishi va undan hatto fermerlar ham foyda ko‘rmayotganligini ta’kidlab, kelgusida bu sohada amalga oshirilajak ulkan maqsad va rejalarni belgilab bergan va  endi fermer ham boy bo‘ladi, degan edi. Bugun aynan shunday kunlar kelganiga barchamiz guvohmiz. Zero, avvallari bir gektar paxta maydonidan 20-30 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, bugun aksar dehqon-fermerlar o‘rtacha 40-45 sentnerdan xirmon ko‘tarmoqda.
Albatta, bu kabi muvaffaqiyatlar o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilayotgani yo‘q. Davlatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi rivojiga qaratilayotgan katta e’tibor, dehqon va fermerlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli salmoqli yutuqlarga erishilyapti.
Birgina misol, bugun O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi a’zolari soni 91,7 mingtadan oshdi.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Azaldan xalqimiz nonni eng ulug‘ ne’mat bilib qadrlaydi. Yangi O‘zbekistonimizning bu yilgi ulkan g‘alla xirmoni omilkor dehqon
va fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, g‘allachilik klasterlari rahbarlari, sohaning fidoiy olimu tajribali mutaxassislarining zahmatli mehnatlari evaziga yaratildi.
Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, g‘allachilikni rivojlantirish borasidagi iqtisodiy tub islohotlarning amaliy natijasidir.
2020-yildan davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillari joriy etildi.
Fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni ta’minlamoqda.
Davlat resursi va birja savdolarida sotish uchun g‘alla topshirish ko‘proq manfaat keltirayotganini biz fermerlar his etmoqdamiz.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan g‘alla maydonlari yildan-yilga kengayib bormoqda.
 Bundan tashqari, o‘tgan yili g‘allani erta ekib, tezroq unib chiqqani va soha olimlarining ilmiy tavsiyalari hamda g‘alla ekish
va yetishtirishning har bir bosqichida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarlar, shuningdek, bobodehqonlar ta’biri bilan aytganda,
“Erta ekkan – erta o‘radi” deb bejiz aytmaganligining isboti tasdiqlandi, bu yil har yilgidan mo‘l hosil yetishtirish imkonini berdi.
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, biz fermer
va dehqonlar tomonidan respublika bo‘yicha 875 ming gektardan ortiq maydonlarda chigit qadab, mashaqqatli mehnatimiz evaziga paxtadan mo‘l hosil yig‘ishtirib olishimiz zarur.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan mo‘l hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Xalqimiz Sizdek mirishkor fermerlar, mohir suvchi
va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator
va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Aslida buning zamirida Siz va bizning fidoyiligimiz orqali mamlakatimizning iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir. Shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerakdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xalqimiz azaldan tuproqni, suvni, tabiatni muqaddas deb bilgan. “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Daraxt ekkan odamga uning savobi tegib turadi, deyilgan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan.
Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Perizidentimizning maxsus Farmonlari ham qabul qilingan.

Aziz va mo‘tabar mehnatkashlar!

Fermer xo‘jaliklari tomonidan dolzarb 40 kunlikda dala chetlariga tut, tok va boshqa ko‘chatlarini ekishingizni hamda dalangiz chetlariga va kollektor-drenajlar atrofiga sabzavot, oshqovoq ekinlari ekib daromad olish,
Respublikamizda tut, tok, tol, yong‘oq va boshqa ko‘chatlar ega bir yarim mingta ko‘chat yetishtiruvchi fermer, dehqon  xo‘jaliklarida va tomorqa yer egalari bilan hamkorlikda ishlarni tashkillashtirish bugungi kundagi asosiy vazifalarimiz ekanligini hisobga olib, o'z hissangizni qo'shishga chaqiramiz!