
Bugun Amudaryo tumanida joriy yilgi hosil uchun chigit ekish mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Ko‘rgazmali seminarda sohaga mas’ul tashkilotlar, paxta klasterlari korxonalari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay O'rinbayev qatnashib, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, berilgan imkoniyatlar haqida keng ta’kidlab o‘tdi. Aytish joizki, Prezidentimizning alohida e’tibori bilan Qoraqalpog‘iston uchun alohida qator qaror va farmonlar qabul qilinib, shu asosda oldin bo‘lmagan yangi imkoniyatlar va imtiyozlar yaratib berildi.
O‘tgan qisqa davrda shunday berilgan imtiyozlar asosida Qoraqalpog‘istonga qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab texnika va agregatlar olib kelinib, bu o‘z navbatida sohani rivojlantirishga alohida sur’at bag‘ishladi. Bugungi o‘tkazilgan muhim tadbirda shunday imkoniyatlar ta’kidlanib, so‘zga chiqqanlar ekish mavsumini qisqa muddatda sifatli o‘tkazish, chigit ekishning sifatli usullari, dehqon fermerlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi. Nuroniy otalar duosi bilan shu kuni dastlabki maydonlarga chigit sepildi. Joriy yilda respublikamizda 100 ming gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilgan. Mavsumni uyushqoqlik bilan olib borish maqsadida jami 243 ta otryad tashkil etilib, ularga 15 mingdan ortiq texnika va agregatlar biriktirilgan. Jumladan, 170 ta zamonaviy yuqori unumli chigit ekish seyalkalarini jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Axborot xizmati.