“Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida Amudaryo tumanida Navro‘z bayrami keng nishonlandi

Tarovatli kunlarda tabiat uyg‘onib, jonajon diyorimizga barchamiz orziqib, sog‘inib kutgan Navro‘zi olam kirib keldi. Ming yillar davomida ma’naviy hayotimizning ko‘rku ziynati bo‘lib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yanada cheksiz quvonch va zavq bag‘ishlamoqda.

Bayram munosabati bilan barcha sharq xalqlari qatori yurtimizning jonkuyar, fidoyi, mehnatsevar xalqi ham Navro‘z ayyomini tantanali tarzda nishonlamoqda.

19-mart kuni Amudaryo tumanining Do‘stlik mahallasi hududidagi Vaxum aholi punktida joylashgan bolalar o‘yingohida ham “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shoiri ostida bayram tadbiri tashkil qilindi.

Bayram tadbirida respublika va tuman miqyosidagi rahbarlar, deputatlar, korxona-tashkilotlar hamda bo‘limlar mas’ullari, fuqarolar yig‘inlari vakillari, taniqli san’atkorlar, ta’lim-tarbiya muassalari xodimlari hamda tuman aholisi ishtirok etdi.

Tadbir avvalida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov tuman hokimi Sobir Xo‘jametovning xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Bayram tabrigida o‘tgan davr mobaynida tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, erishilayotgan yutuqlar hamda kelgusidagi rejalar xususida ma’lumotlar berildi.

Navro‘z — yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi. Bobodehqonlarimiz yangi dehqonchilik yilining serhosil, qut-barakali kelishini, to‘kin-sochin bo‘lishini tilab duo qilib, allaqachon dalada ishlarni boshlab yuborishgan.

Ayni paytda mirishkor dehqonlarimiz 5 ming 970 gektar yerga ekilgan g‘alla maydonlarida unib chiqqan maysalarni mehr bilan parvarishlamoqdalar. Maqsad — ekilgan g‘alladan kamida 60-80 sentnergacha hosil olish va xalqimiz xirmonini donga, dasturxonini nonga to‘ldirishdir.

Bayram tabrigida ta’kidlanganidek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” doirasida “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyotni va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Turli dasturlar doirasida 2024 yil davomida 4855 nafar fuqarolarga 65,5 mlrd so‘mlik kreditlar ajratildi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi asosida tomorqa va ijaraga olingan yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari orqali jami 1536 gektar yer maydonlari 4275 nafar ishsiz fuqarolarga ajratib berilgan.

Shuningdek, joriy yilda ham tumanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 39 ta loyihalarga 317,8 mlrd. co‘mlik investitsiyalar jalb qilish orqali 582 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. 2025 yilda tumanimizda eksport ko‘rsatkichlarini 16 mln. dollarga, shundan sanoat korxonalarining eksport hajmini 12 mln. dollarga, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini 4 mln. dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Barcha manbalar hisobidan 15 ta ijtimoiy soha obyektlarida jami 52,5 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida qiymati 29 mln. dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyiha orqali 3 dona ichimlik suv obyekti hamda 300 km dan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan.

Qayd etish joizki, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi xalqimizning turmush tarzni yaxshilash, barqaror iqtisodiyotni ta’minlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va bu jarayonda aholining har bir qatlamiga, ayniqsa, kam ta’minlangan shaxslarga, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish eng ustuvor masalalar sifatida qaralmoqda.

Bayram tadbiri mobaynida xalqimiz uchun milliy taomlar va noz-ne’matlarga boy bo‘lgan bayram dasturxoni yozildi. Milliy urf-odatlarimiz, millatlararo hamdo‘stlik, ko‘klam, Vatan, shodlik, yangilanish, baxtni tarannum etuvchi turli ko‘rinishlar, ajoyib sahnaviy chiqishlar, raqslar, kuy-qo‘shiqlarga boy bo‘lgan katta konsert dasturi tadbirga yuqori shukuh va bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Shuningdek, sayl mobaynida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov hokim kubogi uchun o‘tkazilgan sport musobaqalari g‘oliblariga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi. Navro‘z saylida har bir qishloq va mahalla polvonlari, mohir sportchilari bilan kurash, arqon tortishuv bahslari katta taassurotlarga boy tarzda o‘tkazildi. Barcha bellashuvlar g‘oliblariga bayram sovg‘alari topshirildi.

Navro‘z – bu nafaqat yangi yilning boshlanishi, balki odamlar o‘rtasida hamjihatlik, mehr-muhabbat, adolat va birdamlik ramzidir. U ko‘pgina xalqlar uchun yangi umidlar debochasi, yangi rejalar tuzish pallasi. Navro‘z kun bilan tunning tenglashishi, borliqning uyg‘onishi, insonning tabiat bilan uyg‘unligini his qilgan holda mehnat maydoni tomon oshiqishi bilan barchaga birdek qadrli fasl. Navro‘z tiriklik, yashillik, yasharish va yangilanish ayyomidir. Shuning uchun ham Navro‘z bayrami necha-necha zamonlardan buyon ardoqlanib keladi, xalqimiz tomonidan sevib nishonlanadi.  

Fursatdan foydalanib, xalqimizni mana shunday qadimiy va boqiy bayram – Navro‘z ayyomi bilan bilan tabriklaymiz! Sharqona yangi yilimiz har bir xonadonga tinchlik-xotirjamlik, baxt-u saodat, obodlik va farovonlik bilan kelsin! Bayram muborak bo‘lsin!

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.