MINI FUTBOL BO‘YICHA AMUDARYO TUMAN HOKIMI KUBOGI MUSOBAQALARI O‘TKAZILDI

Amudaryo tumanida yoshlar o‘rtasida sport-sog‘lomlashtirish ishlarini yanada yaxshilash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash, ayniqsa, idora va tashkilotlarda faoliyat olib boruvchi ishchi-xizmatchilarning jismoniy faolliklarini oshirish orqali salomatliklarini mustahkamlash maqsadida turli bayram sanalari munosabati bilan sport musobaqalari tashkil etish doimiy an’anaga aylangan. Bu kabi tadbirlar Navro‘z – umumxalq bayrami arafasida yanada qizg‘in tus oladi.

Joriy yilning 15-17-mart kunlarida tumanning Olmazor mahallasi hududida joylashgan sun’iy qoplamali sport maydonchasida sportning mini futbol turi bo‘yicha idora va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida Amudaryo tumani hokimi kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqalar futbol ixlosmandlari uchun bayramona jo‘shqin kayfiyat bag‘ishladi.

Avvalo shuni alohida e’tirof etish kerakki, mazkur sport musobaqasini shaffoflik asosida o‘tkazish maqsadida unda ishtirok etish istagini bildirgan jamoalar a’zolari musobaqa shartlari va o‘yin tartib-qoidalari bilan oldindan tanishishlari uchun imkoniyat yaratildi va tumandagi idora-tashkilotlarning ishchi-xodimlaridan iborat 10 ta futbol jamoasi tarkibidagi 80 nafar ishtirokchi ro‘yxati shakllantirildi.

Uch kun davom etgan musobaqalarda Amudaryo tuman hokimining o‘rinbosarlari Bahodir Yernazarov, Nodir Kamolov, sport maktabi direktori Jasur Yaxshimov, shuningdek, idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi. Musobaqaning birinchi kunida saralash, ikkinchi kunida yarim final, uchinchi kunida esa 3-o‘rin va final o‘yinlari o‘tkazildi.

Qizg‘in bahslarga boy va do‘stona vaziyatda o‘tgan musobaqa yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin Amudaryo tumani Elektr tarmoqlari korxonasi ishchi-xodimlari jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni hududlardagi hokim yordamchilaridan iborat jamoa futbolchilari egalladilar. 3-o‘rin uchun o‘tgan qizg‘in va murosasiz bahslar natijasiga ko‘ra, “Amudaryotumangaz” gaz ta’minoti idorasi jamoasi ustunlikka erishdi.

Navro‘z – umumxalq bayrami arafasida bo‘lib o‘tgan mazkur sport musobaqasi nafaqat ishtirokchi jamoalar a’zolari, balki futbol sporti ishqibozlari uchun ham bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Musobaqa yakunida tashkilotchilar tomonidan 1-o‘rinni egallagan tuman Elektr tarmoqlari korxonasi jamoasiga Amudaryo tumani hokim kubogi tantanali ravishda topshirildi va g‘olib jamoalar a’zolari munosib taqdirlandilar.

Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz