
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirish hamda davlat organlari va tashkilotlarining respublika mahallalarida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyatini 2025-yilda sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2025-yilning 3-yanvar sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori imzolandi.
Mazkur qarorning Amudaryo tumanidagi ijrosi bilan tanishish maqsadida respublika mas’ullaridan iborat ishchi guruh tumanimizda bo‘ldi.
Ishchi guruh vakillari tumanda o‘tgan davr mobaynida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sonining oshishi bo‘yicha “qizil hudud”ga kiritilgan mahallalardagi vaziyat bilan tanishdi. Xususan, Beshtom, Gulzor, Bosuv, Do‘stlik, A.Navoiy nomli mahallalarda “yettilik” mas’ullari bilan suhbatlar olib borildi, bu borada amalga oshirilgan ishlar holati o‘rganildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganishlar mobaynida aholi xonadonlarida, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda xavfsizlik choralari ko‘rilganligi, ya’ni kuzatuv kameralarining o‘rnatilganligi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlariga davlatimiz rahbarining 1-sonli qarori bilan belgilab berilgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi ustuvor vazifalar xususida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur hujjat bilan 2024-yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning mahallalar kesimida choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilagan holda mahalla – tuman – viloyat darajasida uning ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlarni biriktirish va aniq sohaviy javobgarlikni yuklash, kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli o‘rganishlarni o‘tkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan asl omillarni aniqlash va barham berish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Ishchi guruh vakillari tomonidan olib borilgan targ‘ibot ishlari mobaynida mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “Mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq mas’uliyatini belgilash, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga alohida yondashish zarurligi, aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni hal etishga jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla faollarini keng jalb etib borish lozimligi tushuntirildi.
Qolaversa, mahallalar jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Ishchi guruh a’zolari tuman hokimligida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi maxsus shtab faoliyati bilan tanishdi. Jarayon mobaynida profilaktika doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi hamda aniqlangan kamchiliklarning bartaraf qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.