
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Amudaryo tumanida ham ommaviy tarzda daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali respublikada yashil maydonlar ko‘lamini ko‘paytirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi xayrli ishda Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari ham faol ishtirok etmoqdalar. Yaqinda deputatlar tashabbusi bilan Oybek mahallasi hududida “Deputatlar bog‘i” tashkil etildi va bog‘ hududiga ilk ko‘chatlar ekildi. Ushbu xayrli tadbirda Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, kengash kotibiyati, siyosiy partiyalar mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Mahalla hududida “Deputatlar bog‘i” uchun ajratilgan 4 gektar maydonga tur xil mevali daraxtlar ko‘chatlari ekildi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, tabiat va ekologiya ifloslanishi borasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”, 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi farmoni hamda 2023-yil 23-noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bu boradagi ishlarda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Shuni unutmaslik kerakki, tabiatni asrab-avaylash har birimizning insoniy burchimizdir. “Yashil makon” loyihasi aynan biz nafas olayotgan havo musaffoligini ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Yashil hududlarni kengaytirish orqali nafaqat ekologiya va tabiatni asraymiz, balki o‘zimiz, oila a’zolarimiz va yaqinlarimizning salomatligini mustahkamlashga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Aholi yashash punktlarida daraxtlar ekish, yashillikni yaratish va yangilash muhim jarayondir. Boisi, daraxtlar havodagi zararli karbonat angidrid gazini yutib, kislorod ishlab chiqaradi va bizning nafas olishimizga yordam beradi. Ular issiqda salqinlik beradi, atrof-muhitni shovqinlardan himoya qiladi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi bog‘-u rog‘larni barpo qilishda muhimdir. Sababi, o‘zi yashayotgan makonni yashillikka burkash, bog‘-u bo‘stonlar, gulzor-u gulistonlar barpo qilish inson hayotini boqiylikka daxldor qiladi. Xalqimiz: “Yaxshidan bog‘ qoladi”, deya bejiz ta’kidlamagan. Xalq deputatlari Amudaryo tuman kengashi deputatlari ham ushbu naqlga amal qilib, “Deputatlar bog‘i”ni tashkil etishda faol bo‘ldilar hamda ulug‘ kunlarda ezgu niyatlar bilan yerga ko‘chat o‘tqazdilar.
Aziz yurtdoshlar! “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etish vatanparvarlik, elparvarlik va saxovat namunasi ekanini unutmang! Yurt ravnaqi, mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi, avlodlar saodati yo‘lidagi ezgu, xayrli amalga har birimiz hissa qo‘shaylik!
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.