Xitoylik delegatsiya a'zolari tumanimiz tadbirkorlari bilan uchrashdi

 Mamlakatimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish faoliyati samaradorligini oshirish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chet el investitsiyalarini jalb qilish – O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi uchun muhim omil hisoblanadi.
Joriy yilning 24-mart sanasida Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xitoy davlatidan kelgan ishbilarmon doiralar vakillari amudaryolik tadbirkorlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar boshliqlari, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari hamda tashabbuskor tadbirkorlar ishtirok etdilar. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, uchrashuvning asosiy maqsadi va xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlik tumanimiz iqtisodiy o‘sishidagi ahamiyati xususida so‘z yuritdi. 

Ma’lumotlarda keltirilishicha, Xitoy investitsiyalarining asosiy qismi sanoat, texnologiya va energetikaga yo‘naltirilgan. Hamkorlik nafaqat investitsiyalarni jalb qilish, balki yangi texnologiyalar va ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi. Oxirgi uch yilda Xitoy investitsiyalari 62 foizini sanoatga, 11 foizini yoqilg‘i-energetika sektoriga, 4 foizini qishloq xo‘jaligiga, qolgan qismini boshqa sohalarga taqsimlangan.
Xitoyliklar tomonidan yurtimizda energetika sohasida muqobil manbalarga investitsiyalar kiritilmoqda. O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetikani faol rivojlantirmoqda. Xitoy quyosh va shamol elektr uskunalari ishlab chiqarishda dunyo yetakchisi hisoblanadi. O‘zbekistonda 9 mlrd dollar qiymatidagi 20 dan ortiq energetika loyihalari Xitoy kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda va ularda asosan mahalliy mutaxassislar ishlamoqda.
Uchrashuvda Xitoylik delegatsiya a’zolari tumanimiz tadbirkorlari bilan yangi aloqalar va hamkorlik o‘rnatish, yangi qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish maqsadida tumanimizga tashrif buyurishgani xususida so‘z yuritildi. Unda hokim yordamchilari va tadbirkorlar tomonidan qator o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. 

Mazkur uchrashuv amudaryolik tadbirkorlarning tashabbuslarini, loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun investor, ishlab chiqarayotgan mahsulotlariga xaridor topishda hamda Xitoy davlatidan to‘g‘ridan to‘g‘ri asbob-uskuna olib kelish borasidadagi masalalarini ijobiy hal etishda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz. 

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.