Bobur nomli ovulda tomorqadan samarali foydalanishga doir seminar o‘tkazildi

Prezident topshirig‘iga muvofiq, mamlakatimizda ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tomorqalarda anjir va xurmo yetishtirish bo‘yicha loyihalar yo‘lga qo‘yilib, bu tashabbus mahalliy hokimiyat organlari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va banklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xotin-qizlarga zaruriy ko‘mak, resurslar va amaliy hamda nazariy bilimlar berib borilmoqda.

Yaqinda Bobur nomli ovulda mazkur loyiha doirasida seminar tashkil etildi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, “Agrobank” ATB Nukus shahar va tuman filiali mas’ullari, shu ovuldagi “yettilik” a’zolari hamda aholi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda mutaxassislar tomorqalardan samarali foydalanish, ularni daromad manbai sifatida rivojlantirish imkoniyatlari haqida fikr almashishdi. Yerga mehr qo‘ygan inson hech qachon ziyon ko‘rmasligi, mehnat barakasi uning hayotida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bois, xotin-qizlarga mevali daraxtlarni yetishtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda, ular sifatli ko‘chatlar, urug‘lar va zarur agrotexnika vositalari bilan ta’minlanmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilishi, bu esa ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Seminar davomida ishtirokchilar anjir va xurmo ko‘chatlarini ekish jarayonida faol ishtirok etishdi. Mutaxassislar mazkur mevalarning parvarishi, sug‘orish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berishdi. Shuningdek, tajribali bog‘bonlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini yoshlarga o‘rgatish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Mazkur tashabbus ishsiz xotin-qizlarga o‘z tomorqalarida anjir va xurmo yetishtirish orqali qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lish imkonini yaratadi. Loyiha doirasida tomarqachilar va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular Prezidentning tegishli Farmon va Qarorlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu dasturlar doirasida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, kasb-hunar o‘rgatish va imtiyozli kreditlar ajratish kabi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlar uchun tomorqalarda anjir va xurmo yetishtirish loyihasi nafaqat ularning bandligini ta’minlash, balki mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishga ham xizmat qiladi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar har bir fuqaroni tadbirkorlikka yo‘naltirish, o‘z ishini boshlashi va mustaqil daromad topishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Seminardan so‘ng, Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tuman hokimi o‘rinbosari Go‘zal Saburova va mutasaddilar Jumur ovul mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 95 yoshli nuroniy Bika ona Rahimova xonadoniga tashrif buyurib, onaxonning holidan xabar olishdi.

Bika ona Rahimova 1930-yilda Amudaryo tumanida tavallud topgan. U 1948-yilda Bekimbat ota Patiyev bilan oila qurib, 3 nafar o‘g‘il va 3 nafar qizni voyaga yetkazdi. Turmush o‘rtog‘i 1973-yilda vafot etganidan so‘ng, barcha mas’uliyatni zimmasiga olib, farzandlarini halollik va mehnatsevarlikka o‘rgatib, katta hayotga tayyorladi. Umri davomida front ortida – ovul xo‘jaligida astoydil mehnat qilib, oilasi va jamiyat rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Bika ona bugungi kunda farzandlari, nabira va evaralari bag‘rida tinch va baxtli hayot kechirmoqda.

Bunday tashriflar yoshi ulug‘ insonlarga bo‘lgan hurmat va e’tiborning yorqin ifodasi bo‘lib, nuroniylarning shodu-xurramligi yurt taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Shohzod Qurbonboyev.
manba: amunews.uz