Yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining 8 sessiyasi haqida axborot

Туман янгиликлари

      Joriy yilning 4-aprel sanasida Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida VII chaqiriq Xalq deputatalari tuman kengashining navbatdagi 8-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya majlisida deputatlar, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
     Sessiyani Xalq deputatalari tuman kengashi Raisi o‘rinbosari 3-Do‘stlik saylov okrugidan deputat Madamin Kazakov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga “9-Qilichboy” saylov okrugidan deputat Muxabbat Raximova nomzodi to‘g‘risidagi taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
     Kun tartibidagi dastlabki masala 2025-yilning 3 oy davomida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Muxametali Xojamuratov  hisobot berdi.
    Hisobotda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning tinchligi va havfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh qilish, hududda tezkor kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan bir qator tezkor profilaktik tadbirlar amalga oshirilayotganligi xususida so‘z yuritildi.
     Sessiya kun tartibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining 2025-yil yanvar holatiga aniqlangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi masala yuzasidan tuman moliya iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Otabek Olloyorov hisobotni o‘qib eshittirdi.
     Otabek Olloyorov hisobotida tuman hududidagi eski panton ko‘prik qismlaridan ochiq osmon ostida muzey tashkil qilish uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risida taklif bildirdi. Ushbu taklif barcha deputatlar tomonidan bir ovozdan maq’ullandi.
     Kun tartibidagi navbatdagi masala “Tashabbusli budjet” jamg‘armasi orqali shakllantirilgan loyihalardan “g‘olib” deb topilgan loyihalarni tasdiqlash to‘g‘risida bo‘lib, tuman hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Ernazarov hisobot berdi.
     Hisobotda joriy yilning 10-martidan 20 martga qadar bo‘lib o‘tgan ovoz berish yakuniga ko‘ra, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga shakllangan mablag‘ doirasida eng ko‘p ovoz to‘plaganlardan boshlab, yuqoridan pastga qarab, 11 ta tashabbus  “g‘olib” deb topilib, ushbu tashabbuslarning qiymati 16 mlrd 497 mln 828 ming so‘mni tashkil etishi, “Tashabbusli budjet” loyihasining joriy yil 1-bosqichida tumanimizdan kiritilgan va g‘olib bo‘lgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi. 11 ta “g‘olib” loyihalarning asosiy qismini yo‘llarni ta’mirlash borasidagi loyihalar tashkil etishi xususida so‘z yuritildi.
      Shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosari Bahodir Ernazarov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llari infratuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala yuzasidan hisobotni o‘qib eshittirdi.
     Sessiya majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Anvar Orazbayev davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish, ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish borasida 1-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi masala yuzasidan hisobot berdi.
     Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasiga Virtual va Xalq qabulxonalari orqali 2025-yil boshidan 31-mart sanasiga qadar jami 1 106 ta masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Ushbu kelib tushgan murojaatlardan 900 ta murojaatlar ko‘rib chiqilgan, 682 ta (75,8%) murojaatlar qanoatlantirilgan, yani 277 ta (30,8%) murojaatlar ijobiy hal qilingan, 381 ta murojaatlar huquqiy ma’lumot berish orqali hal qilingan, 24 ta murojaatlar uzoq muddatli nazoratga olingan. 194 ta murojaalarga tushunitirish berilgan, 3 ta murojaatlar ko‘rmasdan qoldirilgan, 5 ta murojaatlar rad etilgan, 16 ta murojaatlar tugatilgan, qolgan 206 ta murojaatlar ko‘rib chiqish jarayonida.
     Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala iste’molchilar kesimida ekinlarni sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqlash bo‘yicha tuman suv yetkazib berish hizmati davlat muassasasi direktori Shukurlo Yusupov hisobot berdi.
     Hisobotda keltirilishicha, 2025-yil vegetatsiya davrida tuman bo‘yicha jami 38108 gektar ekin ekiladigan maydonda, shundan 16000 gektar paxta, 5809 gektar kuzgi bug‘doy va 9647 gektar boshqa ekinlar va 6652 gektar tomorqa yer maydonlarida sug‘orish ishlari rejalashtirilgan.
     Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi, muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shu bilan Xalq deputatalari tuman kengashining 8-sessiyasi o‘z ishini yakunladi. 

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.