“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Yoshlarni milliy qadriyatlar va madaniyatga bo‘lgan tahdidlar hamda yot g‘oyalardan asrash, har tomonlama rivojlangan, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, milliy an’analarga sadoqatli, dunyoqarashi keng, vatanparvar va barkamol qilib tarbiyalash maqsadida har yili “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi o‘tkazib kelinmoqda. Amudaryo tumanida ham shu kabi musobaqa tashkil qilindi.

Tumanning Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan markaziy o‘yingohda o‘tkazilgan musobaqada Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari mas’ul ofitseri Otabek Madalimov, harbiy xizmatchilar Mirjahon Majidov, Rustam Vahobov hamda umumta’lim maktablari o‘quvchi yoshlari ishtirok etdilar.

Tadbirni Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari mas’ul ofitseri Otabek Madalimov kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z so‘zida harbiy musobaqalar yoshlarning kamolotiga har tomonlama yordam berishi, faqatgina jismoniy tayyorgarligini oshirib qolmasdan, intizom, jamoaviy ishlash, strategik fikrlash va ruhiy barqarorlik kabi muhim fazilatlarini ham rivojlantirishi xususida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, ushbu musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika chegaraoldi shahar va tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” klublari faoliyatini tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, mazkur qaror bu borada muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Yosh chegarachilar” harbiy musobaqasining tuman bosqichida 22-, 59-, 48-, 36- va 15-sonli umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdilar.

Har bir jamoada jami umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat 10 nafardan o‘quvchi yoshlar, jami 50 nafar ishtirokchi belgilangan shartlar asosida o‘zaro bellashdilar.

Xususan, musobaqa o‘quvchi yoshlardan iborat jamoalarning saf tayyorgarligi ko‘rigi, harbiy varaqalar, albom, vimpel, jamoaning ramziy bayrog‘i va nomi yozilgan taxtacha ko‘rigi, jamoalarning maxsus formasi ko‘rigi, umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinovi, Kalashnikov avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘g‘il bolalar 1000 metrga, qizlar 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, azimut bo‘yicha harakatlanish, granata uloqtirish, zaharlangan hududdan o‘tish, to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tibbiy yordam ko‘rsatish, o‘q-dorilarni tashish, Kalashnikov avtomatidan o‘q otish, Kalashnikov avtomatining maketi ko‘rigi kabi qiziqarli shartlar asosida bo‘lib o‘tdi.

Aytish joizki, umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” klublari hamda harbiy-vatanparvarlik musobaqalari yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini va dunyoqarashini yuksaltirish, ularni milliy qadriyat va an’analarga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur, Najmiddin Kubro kabi buyuk siymolarning vatanparvarlik, mardlik va jasurlik tuyg‘ularini shakllantirish, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat hissini uyg‘otish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarda chegaraoldi hududlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan yoki sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning chidamliligini oshirish hamda har qanday qiyinchiliklarni matonat bilan yengishga o‘rgatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Murosasiz kechgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra 59-sonli maktab jamoasi 3-o‘rinni, 15-sonli maktab jamoasi 2-o‘rinni, 48-sonli maktab jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi.

G‘oliblar va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.