
Orol madaniyati sammiti doirasida qadimiy Chilpiq tarixiy yodgorligida ilk bor betakror musiqa ohanglari yangradi. Ochiq osmon ostida o‘tkazilgan konsert dasturi nafaqat xalqimiz, balki xalqaro jamoatchilik qalbidan ham munosib o‘rin oldi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 28-mart kungi “Orol madaniyat sammitini yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tashkil etildi. Qarorda Orolbo‘yi mintaqasida qulay tabiiy muhit yaratish, noyob madaniyat va tarixiy merosni asrash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsad qilingan. Shu bois, sammit har o‘n sakkiz oyda — bahor yoki kuzda doimiy ravishda o‘tkaziladigan yirik madaniy-ilmiy platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan.
6-aprel kuni bo‘lib o‘tgan konsert san’at va madaniyat xodimlari, yosh iste’dod sohiblari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, mohir raqqosalarning chiqishlari bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Musiqa, she’riyat va milliy raqslar uyg‘unligi tomoshabinlarga xush kayfiyat ulashdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, nuroniylar, tumanimiz mehmonlari va mahalliy aholi ishtirok etdi. Tadbir mazmunan boy chiqishlar bilan davom etdi va yig‘ilganlarga yana bir karra milliy faxr va ruhiy yuksalish baxsh etdi.
Konsertda xalq artistlari, madaniyat xodimlari va tumanimiz san’atkorlari ijrosida milliy va zamonaviy estrada ohanglari yangradi. Ayniqsa, xorazmcha qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, san’at shinavandalarini jo‘shqin raqslarga chorladi.
Orol madaniyati sammiti doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar mintaqaning noyob madaniy merosini tanitish, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetib borishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sammit faqat konsertlar bilan cheklanmay, keng qamrovli ilmiy va amaliy loyihalarni ham o‘z ichiga oladi.
Jumladan, barqaror yechimlar va strategiyalar yaratishga qaratilgan ta’lim dasturi asosida Orol maktabi faoliyatini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar va an’anaviy me’morchilik asosida “Istiqlol” madaniyat va istirohat bog‘i, bog‘ hududida joylashgan bolalar kutubxonasini qayta barpo etish, xalqaro tadqiqotlar va fanlararo hamkorlikni kuchaytirish kabi yo‘nalishlar belgilab olingan.
Chilpiq qo‘rg‘onida yangragan musiqa o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lovchi madaniy rishtalarni yaratdi. Xalqlar va millatlar o‘rtasidagi madaniy ko‘prikka aylangan konsert simfonik musiqa, Sharq she’riyati va xalqona ohanglarning mukammal uyg‘unligini namoyon qildi. Qadimiy Chilpiq qo‘rg‘onida yangragan ohanglar Orolbo‘yining ruhiy tiklanishi, madaniy qaytadan yuksalishi va global hamjihatlik sari tashlangan muhim qadamga aylandi.
Shohzod Qurbonboyev.
manba: amunews.uz