
Salomatlik – insonning eng katta boyligi hisoblanadi. Bugungi zamonaviy taraqqiyot ritmida va doimiy stressli vaziyatlarda ana shu boylikni asrab-avaylash, organizmni sog‘lomlashtirish uchun vaqt ajratish qiyin. Lekin Butunjahon Sog‘likni saqlash tashkilotining tavsiyasi – sog‘lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish insonni ham ma’nan, ham aqlan chiniqtirishini hisobga olsak, alohida vaqt ajratmay turib ham inson mustahkam salomatlik sohibi bo‘lishi mumkin.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, salomatlikni belgilovchi omillar 10-15 foiz ekologiyaga, 10-15 foiz genetikaga, 10-12 foiz tibbiyot tizimi darajasiga va 55-60 foiz sog‘lom turmush tarziga bog‘liq ekan. Vaholanki, sog‘lom turmush tarziga amal qilish o‘ziga va atrofidagilarga e’tiborli bo‘lish, kundalik sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish har bir tibbiy madaniyatli insonning burchidir. Butunjahon Sog‘likni saqlash tashkiloti bayrami – 7-aprel sanasi bilan bog‘liq tadbirlar butun dunyo xalqlarini ana shu burch mas’uliyatini his etib yashashga da’vat etib keladi. Chunki Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, birgina ekologik muammolar tufayli har yili yer yuzida 13 mln. kishi vafot etadi.
Yer kurrasining 90 foizdan ziyod aholisi nosog‘lom havodan nafas oladi. Qolaversa, global isish, turli tabiat hodisalari va suv tanqisligi insonlar sog‘ligiga salbiy ta’sir qilmoqda. Bundan tashqari, noto‘g‘ri ovqatlanish, haddan tashqari shirinlikka ruju qo‘yish, kamharakatlilik va semirish yurak qon-tomir, saraton kasalliklarining kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasining sport-sog‘lomlashtirish maydonchasida 7-aprel – Butunjahon salomatlik kuni bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Salomatlik uchun badantarbiya va 5000 qadam piyoda yurish” tadbirida Tibbiyot birlashmasining tajribali shifokorlari tomonidan bu haqda batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligining ko‘rsatma xatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasi Salomatlik va strategik rivojlanish bo‘limi sport targ‘ibotchisi Ibodulla Nurimbetov rahbarligida o‘tkazilgan tadbir avvalida ishtirokchilar badanni chiniqtiruvchi mashqlarni bajardilar.
Shundan so‘ng, tibbiyot xodimlari Shifokorlar ko‘chasi bo‘ylab 5000 qadam piyoda yurish marafonida qatnashdilar. Ona tabiat bag‘rida, ertalabki musaffo havodan bahramand bo‘lib, piyoda yurish marafonida ishtirok etgan 150 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari shu kungi ish faoliyatlarini ko‘tarinki kayfiyatda, tetiklik bilan boshladilar. Zero, ertalabki badantarbiya mashqlari nafaqat sog‘lom turmush tarzi, balki ijtimoiy va jismoniy faollikning birdan-bir asosidir.
ROBIYA YO‘LDOSHЕVA.
manba: amunews.uz