
Bugungi kunda jamiyatning har tomonlama rivojlanishi uchun yosh avlodning sog‘lom va jismonan baquvvat bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu boisdan sport va jismoniy tarbiyani keng targ‘ib qilish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yoshlarni ushbu sohalarga jalb etish dolzarb masalaga aylangan. Zero, yoshlarni sport va jismoniy tarbiyaga jalb qilish – sog‘lom jamiyat poydevoridir.
O‘smir yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida o‘tkazilishi an’anaga aylangan “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” sport musobaqalari butun mamlakatimiz bo‘ylab boshlab yuborildi.
8-aprel kuni Amudaryo tumanidagi 40-sonli umumta’lim maktabi sun’iy qoplamali sport maydonchasida bu yilgi “Davlat xavsizlik xizmati kubogi” sport musobaqalariga start berildi. Ochilish marosimida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, tumanimiz yoshlarining ushbu bellashuvlarda ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishlari tobora ortib borayotgani, sport musobaqalarining yosh avlodning har tomonlama yetuk, barkamol bo‘lib voyaga yetishidagi o‘rni va ahamiyati, tumanimiz yoshlari ushbu musobaqalarda respublikada eng peshqadamlar safida ishtirok etib kelayotgani xususida so‘z yuritdi hamda yoshlarga bu yilgi bellashuvlarda omad va zafarlar tiladi, O‘zbekiston miqyosida chempionlikni qo‘lga kiritishlarida yuksak ishonch bildirdi.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘smir yigit qizlarimiz “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarida Qoraqalpog‘iston miqyosida chempionlikni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston bosqichida munosib ishtirok etib kelayotganini alohida e’tirof etdilar.
Tumanimizdagi 49 ta mahallalardan kelgan o‘smir yigit qizlardan iborat jamoalar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalariga start berilib, qizg‘in bahslar boshlab yuborildi. Ilk uchrashuv Beshtom va Daryo bo‘yi mahallasi o‘gil bolalaridan iborat jamoalar o‘rtasida bo‘ldi. O‘smir qizlar o‘rtasidagi bahslarda Xolimbeg hamda Oq oltin ovuli jamolari bellashdilar.
Ta’kidlash kerakki, sport salomatlik va tarbiyaning asosidir. Sport nafaqat inson salomatligini mustahkamlashda, balki intizomli, sabrli va maqsadga intiluvchan shaxsni shakllantirishda ham muhim vositadir. Yoshligidan sport bilan shug‘ullangan farzand jismoniy va ma’naviy barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Sport yoshlarga o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlashga, zararli odatlardan yiroq bo‘lishga va hayotda faol pozitsiyani egallashga yordam beradi.
Yoshlarni sportga jalb qilishning bir qancha usullar mavjud bo‘lib, jumladan, ta’lim muassasalarida sport to‘garaklarini ochish – maktab va kollejlar sport infratuzilmasini rivojlantirib, futbol, voleybol, kurash, suzish kabi to‘garaklar orqali yoshlarning qiziqishini oshirish mumkin.
Shuningdek, mahalliy musobaqalarni tashkil etish, ya’ni mahallalarda muntazam sport musobaqalari o‘tkazish orqali yoshlar o‘z iqtidorini namoyon etadi va bir-biri bilan raqobatda yanada harakatga keladi. Yuqori natijalarga erishayotgan sportchilar bilan uchrashuvlar, motivatsion suhbatlar o‘tkazish ham yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib, ularning qiziqishlarini yanada oshiradi.
Aytish joizki, yoshlarni sport va jismoniy tarbiyaga jalb qilish nafaqat ularning sog‘lig‘i, balki jamiyat kelajagi uchun ham sarmoyadir. Zero, sog‘lom yoshlar – kuchli davlatning tayanchi. Har bir ta’lim muassasasi, har bir mahalla, har bir ota-ona bu yo‘lda o‘z hissasini qo‘shsa, albatta, natija bo‘ladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.