
9-aprel – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. 1993-yil 9-aprel sanasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixida muhim siyosiy va huquqiy voqea sifatida muhrlangan. Aynan shu kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashining sessiyasida Respublikaning asosiy qonuni – Konstitutsiya qabul qilindi. Bu hujjat xalqning suverenitetini, huquqiy asoslarini, inson huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan mustahkam poydevor boʻldi.
Bu yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi qabul qilinganiga 32 yil toʻldi. Bu muhim sana har yili respublika miqyosida keng nishonlanib, turli tadbirlar, davra suhbatlari, huquqiy-maʼrifiy uchrashuvlar orqali yoshlarga Konstitutsiyaning mohiyati va ahamiyati tushuntiriladi.
Amudaryo tumani Madaniyat boʻlimida sana munosabati bilan bayram dasturi tashkil qilindi. Unda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, korxona-tashkilotlar, taʼlim muassalari masʼullari hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Bayram tadbirini tuman hokimi Sobir Xoʻjametov tabrik soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz soʻzida Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni ekanligini, uning mamlakat siyosiy hayotida ahamiyati xususida toʻxtaldi hamda butun xalqimizni bayram bilan tabrikladi. Shundan soʻng bayram tadbiri tuman Madaniyat boʻlimi xonandalari, umidli ijodkorlar tomonidan betakror chiqishlar bilan davom etdi. Tumanimizning isteʼdodli xonandalari Vatan, tinchlik, doʻstlikni madh etuvchi diltortar kuy-qoʻshiqlar ijro qilib, yuqori bayramona kayfiyat ulashdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganlaridek, Konstitutsiya – xalq irodasining timsoli boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi huquqiy demokratik jamiyat sari dadil qadam tashlaganidan dalolat beradi. Ushbu hujjat Qoraqalpogʻistonning siyosiy-huquqiy maqomini, davlat boshqaruvining asoslarini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini belgilaydi.
Darhaqiqat, Konstitutsiya – har bir davlat mustaqilligini, siyosiy tuzumini, huquqiy tizimini belgilab beruvchi eng oliy hujjatdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham ushbu mezonlarga asoslanib ishlab chiqilgan boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga uygʻun holda, shu bilan birga Qoraqalpogʻiston xalqining tarixiy, madaniy va ijtimoiy xususiyatlarini hisobga olgan holda yaratilgan. Konstitutsiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasining suverenligi, Oʻzbekiston Respublikasi bilan ixtiyoriy ravishda federativ asosda birlashgani, fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat tuzilmasi, hokimiyat organlari vakolatlari hamda ularning oʻzaro munosabatlari aniq belgilab berilgan.
Xulosa qilib aytganda, 1993-yil 9-aprel sanasi bu nafaqat huquqiy hujjatning qabul qilingan kuni, balki Qoraqalpogʻiston xalqi uchun gʻurur va iftixor manbai sifatida asosiy bayram sanalaridan biri hisoblanadi. Bu kun har yili oʻtmishga hurmat, kelajakka ishonch bilan qarash, milliy birlik va taraqqiyot yoʻlida yana bir esda qolarli sana sifatida nishonlanadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.