
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi turmush darajasini oshirish, ayniqsa, qishloq joylarda zamonaviy infratuzilmani yaxshilash va sogʻlom hayot sharoitini ta'minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda aholini toza va xavfsiz ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangani bejiz emas. Chunki har bir insonning salomatligi, farovon hayoti va jamiyatning barqaror rivojlanishi ana shunday hayotiy zarurat — toza ichimlik suviga bevosita bogʻliq.
Yurtimizning barcha hududlarida yoʻl-qurilish, qayta tiklanuvchi elektr ta'minoti, ta'lim va tibbiyot muassasalarini barpo etish hamda modernizasiya qilishga qaratilgan infratuzilma loyihalari izchil davom ettirilmoqda. Bunday tashabbuslar fuqarolarning kundalik hayotini engillashtirish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, shu orqali ularning islohotlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma'noda, Amudaryo tumanining Qangli ovulida yaqinda amalga oshirilgan ijtimoiy loyiha — hududdagi toza ichimlik suvi ta'minoti muammosiga amaliy echim boʻldi. Uzoq yillar davomida turli manbalardan suv iste'mol qilib kelgan ovul aholisi uchun bu loyiha nafaqat katta engillik, balki kundalik hayotga yangicha ruh, ishonch va ilhom olib kirdi.
Endilikda qangliliklar zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan inshoot orqali er osti suvlarini tozalash imkoniga ega boʻldi. 500 dan ziyod xonadonga xizmat qilishga moʻljallangan ushbu inshoot foydalanishga topshirilishi orqali nafaqat aholining sogʻligʻi muhofaza etilyapti, balki umumiy sanitariya holati, hayot sifati va ekologik barqarorlik ham ta'minlanmoqda.
Mazkur xayrli loyiha “Tashwell” qurilish kompaniyasi tomonidan beminnat amalga oshirildi. Kompaniyaning mazkur tashabbusi aholining uzoq yillik ehtiyojini bartaraf etish bilan birga, jamiyatda oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Inshootning ochilish marosimida ovul fuqarolar yigʻini raisi Baxtiyor Pirmanov, loyiha koordinatorlari, nuroniylar, “mahalla ettiligi” hamda mahalliy aholi faol qatnashdi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar “Tashwell” kompaniyasi rahbariyatiga samimiy minnatdorlik izhor qildilar. Nuroniylar esa qoʻllarini duoga ochib, ushbu xayrli ishning davomli boʻlishini va homiylar faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Ahamiyatlisi, loyiha doirasida hududdagi maktab oʻquvchilariga badiiy adabiyotlar ham sovgʻa qilindi. Bu esa yosh avlodning ma'naviy kamoloti, kitobga muhabbati va bilimga intilishini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qildi.
Shubhasiz, qishloq joylarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash faqatgina sogʻliqni saqlash masalasi emas. Bu — mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim omildir. Qangli ovulida amalga oshirilgan loyiha — ana shunday ezgu sa'y-harakatlarning yaqqol namunasidir. Haqiqat shundaki, toza suv — hayot manbai, unga ega boʻlish esa har bir insonning tabiiy va ajralmas huquqidir.
Shohzod Qurbonboev.
manba: amunews.uz