Har qarich yerdan unumli foydalanayotgan fermer

Туман янгиликлари

Bog‘dorchilikda qator oralariga boshqa ekinlar ekish yer maydonidan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish va tuproqning sog‘lom holatini saqlab qolishga yordam beradigan usullardan hisoblanadi. Amudaryolik fermerlar ekin yer maydonlarining har qarichidan unumli foydalanib, bog‘ qator oralariga sabzavot va poliz mahsulotlarini ekishmoqda va qo‘shimcha daromad olmoqdalar.

Ana shunday ilg‘or fermer Qurolboy Japaqov rahbarlik qilayotgan “Rajab Japaq” fermer xo‘jaligining umumiy ekishlik yer maydoni 45,2 gektar bo‘lib, shunda 8 gektar ekin maydonida yangidan nok bog‘i tashkil qilgan. Asosiy yo‘nalishi paxtachilik-g‘allachilik bo‘lgan fermer xo‘jaligida ertaki sabzavotlar, kartoshka, piyoz, karam, sarimsoq piyoz, sabzi kabi mahsulotlar ham yetishtiriladi.

Fermer Qurolboy Japaqov 8 gektar ekin yer maydonida tashkil etilgan bog‘da nokning "Mauzer" navidan bu yil ilk hosil olinadi. Shuningdek, yangi bog‘da qatorlar orasiga kartoshka, sabzi, bulg‘or qalampiri, piyoz kabi mahsulotlar ekilgan bo‘lib, ulardan ham yaxshigina hosil va daromad olish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mevali daraxtlar hali katta bo‘lmagan davrda, ular orasida bo‘sh turgan yerga boshqa ekinlar ekib, yer maydonlaridan to‘liq foydalanish hamda qo‘shimcha daromad olish mumkin. Oraliq ekinlar ekish begona o‘tlarga qarshi kurashishga ham xizmat qiladi, ya’ni ular tuproqni to‘liq qoplaydi hamda begona o‘tlarga joy qoldirmaydi. Qolaversa, oraliq ekinlar tuproqni quyoshdan himoya qiladi, bu esa namlikni saqlab qolishga yordam beradi.

Bugungi kunda, bog‘ qator oralaridan samarali foydalanish O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega. Innovatsion texnologiyalar va samarali usullarni joriy etish, fermerlarga nafaqat mahsulotlarni sifatli va samarali yetishtirish imkonini beradi, balki umumiy iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi. Shu sababli, ushbu jarayonni yanada rivojlantirish, fermerlarni yangi bilimlar bilan ta’minlash va tajriba almashishini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, bog‘-tok qator oralaridan samarali foydalanish jamiyatda barqaror o‘sayotgan qishloq xo‘jaligi tizimini yaratishda muhim qadam bo‘lib, ushbu sohada yangi innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish orqali iqtisodiyotni yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Hamyurtimiz xolimbeglik Qurolboy Japaqov o‘z fermer xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish barobarida hududdagi 40 nafarda ortiq ishsiz yurgan mahalladoshlarini ham mavsumiy ish bilan ta’minlashga hamda ularning oilalariga daromad olib kelishlariga yordam bermoqda.

Fermerning har mavsumdagi hosili hamda daromadi ham yaxshigina. Ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan dehqonchilik sir-asrorlarini puxta egallash hamda yer resursidan unumli foydalanishda zamonaviy imkoniyatlar va texnologiyalarni joriy qilish orqali Qurolboy Japaqov Amudaryo tumanidagi eng ilg‘or fermerlardan biriga aylangan.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.