Paxtadan yuqori hosil olish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Paxta – yurtimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutuvchi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan biri hisoblanadi. Paxta tolasi, chigit va boshqa mahsulotlari sanoat va eksport uchun katta ahamiyatga ega. Shu sababli, paxta yetishtirishda yuqori hosil olish – har bir dehqon va fermer uchun asosiy maqsad hisoblanadi. Bunga erishish esa, birinchi navbatda, to‘g‘ri agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga bog‘liq.

Amudaryo tumanining Oq oltin ovuli hududida paxtadan yuqori hosil olishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan qishloq xo‘jaligi seminari bo‘lib o‘tdi.

Ovuldagi “Safarboy Qodir” fermer xo‘jaligi paxta dalasida tashkil etilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mita raisi Anvar Jumanazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev, O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori To‘lqin Sattorov, jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha vakili Allaniyoz Ajimov, tumandagi qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mas’ullari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdilar.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan fermer xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar xususida to‘xtalib o‘tdi va ulardan samarali foydalangan holda soha rivojiga munosib hissa qo‘shish zarurligi xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, paxta hosildorligini oshirishda paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirishga xizmat qilishi, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni ko‘paytirish va ekish lozimligi, tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda kimyoviy va organik o‘g‘itlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lishi, g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashishda samarador preparatlarni, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash zarurligi hamda agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.

Ma’lumot tariqasida aytish joizki, tumanda 2025-yil paxta hosili uchun 348 ta fermer xo‘jaliklaridagi 13 ming gektar ekin maydonlariga chigit ekilgan bo‘lib, ular “Eko teks” klasteri bilan shartnoma tuzishgan. Paxtachilik fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta xomashyosini yetishtirish rejasi umumiy 57 ming 220 tonna bo‘lib, chigit ekilgan maydonlarning 10 ming 600 gektariga “Sulton” navi, 2 ming 400 gektariga xorijiy navlar ekilgan. Chigit ekish otryadlari soni 65 ta bo‘lib, ularning a’zolari 119 nafarni tashkil qiladi. Ularning 18 nafari agronomlar bo‘lib, har bir otryadga bittadan rahbar mas’ul qilib biriktirilgan va 3155 ta texnikalar jalb qilingan.

Seminar bo‘lib o‘tayotgan “Safarboy Qodir” fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 105,7 gektar bo‘lib, ekin maydoni 81,8 gektarni tashkil etadi. Paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi ekin maydonlarida ertaki sabzavot ekinlari kartoshka, karam, piyoz, sarimsoq piyoz, sabzi kabi mahsulotlar ham yetishtiriladi.

Seminar mobaynida respublika miqyosidagi rahbarlar tomonidan ta’kidlanganidek, paxta maydonlarida begona o‘tlar o‘simliklarning o‘sishini susaytiradi, hosildorlikni kamaytiradi. Shu bois, agrotexnik choralar orqali ularni yo‘qotish, tuproqni begona o‘tlardan tozalash, gerbitsidlardan foydalanish va qator oralariga ishlov berish muhim ahamiyatga ega. Yer unumdorligini saqlab qolish uchun paxta ekinini har yili bir maydonda ekishdan saqlanish, ya’ni almashlab ekish tartibiga rioya qilish zarur.

Aytish joizki, yuqori paxta hosili – ilmiy asoslangan, tizimli agrotexnik tadbirlar orqali erishiladigan natijadir. Har bir dehqon va fermer o‘z ishida ushbu tadbirlarga jiddiy e’tibor bersa, nafaqat yuqori hosil, balki yer unumdorligi va iqtisodiy barqarorlik ham ta’minlanadi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.