
So‘nggi yillarda mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa nafaqat shaharlarda, balki chekka hududlarda ham zamonaviy infratuzilmaning barpo etilishiga yo‘l ochmoqda. Yangi maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, ko‘p qavatli uylar, yo‘llar va ko‘priklar bunyod etilayotgani aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Qurilish ishlari zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilib, ekologik xavfsizlik va energiya tejamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qurilish sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Amudaryo tumanining Mang‘it shahri yangicha, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda, qishloqlarda aholi turmushi kun sayin farovonlashib bormoqda. Bunyodkorlik ishlari natijasida ijtimoiy infratuzulma tobora yaxshilanib, ta’lim, tibbiyot, uy-joy qurilishi borasida aholining ehtiyojlari qondirilmoqda.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida tumanning Do‘stlik mahallasi hududida “Yangi O‘zbekiston” massividagi ko‘p xonadonli uy-joylarning qurilish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. “Yangi O‘zbekiston” massivida har biri 5 qavatli bo‘lgan 8 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, har biri 30-35ta, jami 185ta xonadonga mo‘ljallangan turur joylar qurilishida tumandagi 8 ta qurilish tashkilotlari quruvchilari faoliyat olib borishmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham yangi qurilish va bunyodkorlik ishlariga asos bo‘lmoqda.
Qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida ilgari surilgan mazkur loyiha asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta mahallalarda, shundan 40 ta markaziy, 130 ta yondosh mahallalarda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Qaror asosida Amudaryo tumanida “Islom taraqqiyot banki” va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 7 ta ijtimoiy soha obyektlari qad rostlamoqda. Ular 4 ta pudratchi tashkilot tomonidan barpo etilmoqda. Xususan, “Zamin qurilish trans servis” MCHJ tomonidan Farovon mahallasi hududida 90 o‘rinli, Olmazor mahallasi Birdamlik va Yangibog‘ ko‘chalari tutashgan hududda 120 o‘rinli, Arna bo‘yi mahallasi Pokizalik ko‘chasida 150 o‘rinli yangi zamonaviy shart-sharotilarga ega maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Shuningdek, Do‘stlik mahallasining Chamanzor ko‘chasida 240 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi “Xorazm ta’mirlash” MCHJ, O‘rtaqal’a ovulida mahalla majmui va Toshyop ovuli hududidagi qishloq vrachlik punkti binolari esa “Baken Qurilish montaj” va “Buxrem stal stroy” MCHJ tomonidan qurilishi belgilangan.
Qolaversa, Toshyop ovuli hududida kuniga 50 tashrifga mo‘ljallangan yangi qishloq vrachlik punkti qurilishi “Sho‘raxon qurilish montaj” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayni paytda loyiha doirasida ijtimoiy soha obyektlarida qurilish ishlari jadal su’ratlarda davom etmoqda.
Ta’kidlash joizki, bunday ulkan bunyodkorlik ishlarining markazida inson qadri, aholining ehtiyoj va manfaatlari turadi. Har bir qurilayotgan obyekt, barpo etilayotgan infratuzilma aholi uchun qulaylik, farovon turmush sharoitlarini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.