
Keyingi yillarda mamlakatimizda sudlov faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudlarga murojaat qilishini liberallashtirish, umuman odil sudlovga erishish darajasini oshirish, shuningdek, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash imkonini berdi.
Natijada ariza berish, ishda masofadan ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarning ko‘rilishi haqida ma’lumot olish kabi xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlar portali orqali elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunda videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati mavjud.
«Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zagrtirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 11-mart kungi O‘RQ-1047-sonli qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi va boshqa kodekslarga aholining sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishining huquqiy asoslari yaratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 25-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-462-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 144-moddasiga «ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi bo‘yicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni ko‘rayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi» mazmundagi uchinchi qism va «videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi» mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirildi.
R.T.Jumabayev Nukus tumanlararo ma’muriy sudining raisi