
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 3-yanvar sanasida imzolagan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublikamizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash hamda respublika hududida xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan joriy yilning 15 aprelidan 15 mayiga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbiri joriy qilinib, Amudaryo tumanida ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimligida ushbu yo‘nalishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari, tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, tumanni jinoyat va huquqbuzarliklardan holi hududga aylantirish borasida oldinda turgan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, tuman prokuraturasi va IIB mas’ullari so‘zga chiqib, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktik tadbirlarini tashkil etish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar xususida to‘xtaldilar.
Xususan, hududlarda “Tozalash-antiterror”, “Oriyat”, “Tig‘”, “Qora dori”, “Tong” maxsus profilaktik tadbirlarini o‘tkazish, giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish maqsadida reyd tadbirlari tashkil etilib, “ko‘cha bezoriligi” va “guruh” tashkil qilishga yoki guruhning a’zosi bo‘lishga moyil hamda “yetakchilikka intiluvchan” yoshlar bilan kuchaytirilgan profilaktik ishlarni olib borish, noqonuniy ravishda jangovar o‘qotar va ov qurollarini saqlayotgan shaxslarni aniqlash hamda qonuniy choralar ko‘rish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Profilaktika oyligi doirasida ko‘ngilochar joylarning, xususan, tungi klublar, saunalar, SPA salonlar, sog‘lomlashtirish markazlarining ro‘yxatlarini yangilash va ularda qonunchilikda belgilangan tartibda tungi reydlar o‘tkazish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida reydlar tashkil etish, mavjud yo‘l-patrul xizmati maskanlari, blok va to‘siq postlariga hududiy ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari xodimlarini biriktirish, kriminogen vaziyati og‘ir hamda qo‘shni respublikalar bilan chegara hududlardan markazga boruvchi asosiy yo‘llarda “sayyor patrul” guruhlarining faoliyatini jadallashtirish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan tezkor profilaktik tadbirlar tumanimizning barcha hududlarda tizimli tarzda tashkil etilmoqda. Tumanning markaziy avtomobil yo‘llarida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan reyd tadbirlari tashkil etilmoqda.
Qolaversa, tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari “Mahalla yettilik”lari bilan hamkorlikda Gulzor mahallasi hududidagi ko‘p xonadonli uylarda yashovchi aholi bilan o‘g‘irlik, firibgarlik, tovlamachilik kabi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tushuntirish ishlarini olib bordilar.
Shuningdek, mahalla hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, kafe va restoranlar mas’ullari bilan suhbatlar o‘tkazilib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida kuzatuv kameralari o‘rnatish tavsiya qilinmoqda.
Bu boradagi ishlar tumanimizning barcha mahallalarida davom etmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.