
Mamlakatimizda insonlarning dardini tinglash, ularni qiynayotgan muammolarga joyida yechim topish maqsadida muntazam ravishda tashkil etilayotgan sayyor qabullar samarali natija bermoqda. Ushbu qabullar orqali fuqarolar bevosita rahbarlarga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Sayyor qabullar davomida ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy mazmundagi muammolar o‘rganilib, ularning ko‘pchiligiga qabul jarayoning o‘zida yechim topilmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning davlatga, boshqaruv organlariga, mutasaddi rahbarlarning faoliyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Rajapbay Nurazizov ishtirokida Amudaryo tumani Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘inida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Sayyor qabulda barcha sohalar bo‘yicha respublika hamda tuman miqyosidagi mas’ullar va aholi vakillari ishtirok etdi. Qabul jarayonida fuqarolar mas’ullarga turli masalalar yuzasidan murojaat qildilar.
Xususan, choyko‘llik fuqarolarning uy-joy uchun qurilish materiallari, moddiy-yordam olishda hamda farzandlarining shartnoma pullarini to‘lashda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatlari mas’ullar tomonidan belgilangan tartibda qabul qilindi.
Shuningdek, mas’ullarga O‘zbekiston Kurash Federatsiyasi tuman bo‘limini bino bilan ta’minlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda sportchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zal ajratib berish, Qipchoq-Mang‘it yo‘lini ta’mirlashda amaliy yordam berish, suyultirilgan gaz ta’minoti kabi masalalarda ham murojaatlar yo‘llandi.
Murojaatlardagi masalalarning aksariyati qabul jarayonida o‘z yechimini topgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish va muddat talab qiladigan murojaatlarning ijobiy hal etilishi yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Ta’kidlash kerakki, sayyor qabullarda har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani inobatga olinib, masalalarga individual yondashilmoqda. Shu tarzda, sayyor qabullar odamlarga chinakam yordam ko‘rsatishning samarali vositasiga aylanmoqda.
Shuningdek, aholining muammolarini tizimli o‘rganish, ularning kelgusida oldini olish, joylardagi kamchilik va muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish borasida samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Natijada, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi ortmoqda, jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyili mustahkamlanmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.