Sudlar faoliyatida sun’iy intellektning ahamiyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 140-sonli Farmoni sudlar faoliyatidagi muhim hujjat bo‘ldi.

Sababi, o‘tgan yillar davomida yurtimizda olib borilgan sud huquq isloh atlari natijasida ma’muriy sudlar ochilishi, oila sudlari faoliyat yuritishi, oilaviy zo‘ravonlikdan himoyalash maqsadida qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar sudlar faoliyatida eng ahamiyatli qadamlar bo‘lgan bo‘lsa, mazkur Farmonda «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida sudlarda bosqichma bosqich ko‘plab yangiliklar ro‘y berishi kutilmoqda.

Farmonda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilanib,  sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish belgilangan.

Shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadlari belgilangan.

Sudlar faoliyati raqamlashtirilishi natijasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratilib, sud ishlarini ko‘rishni soddalashtirish maqsadida «Raqamli sud» konsepsiyasini amalga oshiriladi.

Natijada, fuqarolar yoki tadbirkorlik subyektlari sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi, murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, Farmonda sudlar faoliyatini raqamlashtirish, sudlarda ishlarning ko‘rilishini soddalashtirish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga sudlarga murojaat qilishda hamda ishlarda qatnashishda ko‘pgina qulayliklar yaratish maqsadida ko‘plab vazifalar belgilangan.

Farmon sudlar faoliyatida tub burilish yasab, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarga sudga murojaat qilishda va sudda ishtirok etishda yangi imkoniyatlar yaratib, sudlar ishlarini yengillatishga, xalqning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

         Xudayberganova Raxima Baltabayevna

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi