Bugungi kunda tumanimizda katta qurilish hamda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, tumanimiz shahar-u qishloqlari, ko‘chalari ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilmoqda hamda ular zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Insonlarning turmush tarzini yaxshilash borasidagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari kishi ko‘zini quvontiradi.
Ma’lumot tariqasida keltirish joizki, tuman hududida 2021 yilda jami 112 ta ob’ektda loyiha qiymati 87 mlrd 591,4 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda barcha ob’ektlarning tender savdolari o‘tkazilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida Gulzor mahallasi hududida qiymati 27 mlrd 260 mln. so‘mlik jami 5 ta 5 qavatli, har biri 30 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar qurilmoqda. Shundan 3 tasi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida, 2 tasi tadbirkorlar hisobidan jami 150 xonadonga mo‘ljallangan uy-joylarni qurish bo‘yicha pudratchi tashkilotlar tomonidan fundament ishlari olib borilmoqda.
“Amudaryo maxsus-qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tumanimizda qurilish ishlarini jadal sur’atlarda amalga oshirishda eng ilg‘or pudratchi tashkilotlardan biri hisoblanadi. Mazkur puratchi tashkilot 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, tashkilot tomonidan hozirgi kunga qadar qator yirik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Jamiyatda hozirda 46 nafar doimiy ishchilar faoliyat olib bormoqda. Shundan 7 nafar haydovchi, 3 nafar elektro-payvandchi, 2 nafar santexnik, shuningdek, ombor mudiri, hisobchi, muhandis, mexanik, usta quruvchilar kabi ishchilar qurilish va bunyodkorlik ishlarida qatnashib kelmoqdalar.
Ayni paytda pudratchi tashkilot tomonidan Bo‘ston mahallasi Qipchoq ko‘chasidagi zamonaviy ko‘p qavatli turar joy binosining qurilish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Loyiha smeta qiymati 7 mlrd 859 mln so‘m bo‘lgan mazkur qurilish obektida g‘isht terish ishlari yakunlanib, tom qismi yopilgan, yana bir qanotda g‘isht terish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. 5 qavatli 48 xonadonga mo‘ljallangan binoning 1-qavatida 12 ta do‘konlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Hozirda 15 nafar yollanma ishchilar qurilish ishlarini o‘z vaqtida yakunlash uchun tinimsiz mehnat qilmoqdalar. Ko‘p qavatli turar joy binosining qurilish ishlari 2022 yilning mart oylarida yakunlanishi hamda binoni Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “Amudaryo maxsus-qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Gulzor mahallasida yangi tartibdagi 5 qavatga mo‘ljallangan ko‘p xonali turar joy binosining qurilish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Loyiha smeta qiymati 5 mlrd 557 mln so‘m bo‘lib, shundan 2 mlrd. 200 mln so‘m kredit mablag‘i hisobidan, qolgan qismi tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda 30 xonadonga mo‘ljallangan ushbu ko‘p xonali uy-joy binosining 1-qavatida g‘isht terish ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlariga jami 22 nafar g‘isht teruvchi ustalar jalb qilingan. Quruvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, usta-quruvchilarga 2 mahal issiq ovqat beriladi. Mazkur ko‘p xonali turar-joy binosi 2022 yilning aprel oylarida qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
Aytish kerakki, bu kabi qurilish va bunyodkorlik ishlari natijasida aholi turmush tarzi, yashash sharoitlari tobora yaxshilanib, insonlarning uy-joy bilan bog‘liq bo‘lgan muammolari bartaraf qilinishiga xizmat qiladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.