Mamlakatimizda ayni kunlarda oq oltin hosilini qishning sovuq kunlariga qoldirmasdan, o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in tarzda olib borilmoqda. Joriy yilda yetishtirilgan paxta xomashyosini nest-nobud qilmasdan, uyushqoqlik bilan terib olish bo‘yicha tegishli choralar amalga oshirilmoqda. Paxta-to‘qimachilik klasterlari, paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari hosilni qisqa fursatda yig‘ishtirib olish maqsadida zarur ishlarni tashkil etishmoqda. Amudaryo tumanida ham joriy yilgi paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish rejasini ilg‘orlar safida bajarish maqsadida paxtakorlarimiz uyushqoqlik bilan tinimsiz mehnat qilishmoqda.
Shu o‘rinda ma’lumot tariqasida aytish kerakki, joriy yilda tumanimizdagi jami 350 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 15 ming 30 gektar maydonda 46 ming 550 tonna paxta xomashyosini yetishtirish rejalashtirilgan. Fermer xo‘jaliklarida paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish maqsadida jami 290 ta terim otryadlari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu ortyadlarda “oq oltin”ni o‘z vaqtida nes-nobud qilmasdan terib olish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilandi. Tumanimizdagi paxta teruvchi 290 ta terim otryadlarida paxta terish ishlariga jalb etilgan jami 23 ming 266 nafar terimchilar o‘z mehnatlariga yarasha haqlarini o‘z vaqtlarida olishmoqdalar. Ushbu terimchilarning 9 ming 283 nafari paxta to‘qimachilik klesteri va fermer xo‘jaliklarining ishchilari bo‘lib, 13 ming 983 nafari uyushmagan aholi vakillaridan iborat.
Ayni kunlarda tumanimizdagi paxta yetishtrivchi fermer xo‘jaliklari orasida belgilangan paxta rejasini ortig‘i bilan bajarib, eng ilg‘orlar safidan joy olayotgan fermerlarimiz ham anchagina. Xususan, tuman prokurori Javlon Muftullayev rahbarlik qilayotgan 2-sektor hududiga kiruvchi Qilichboy ovulidagi “Ashirov Qahramon” fermer xo‘jaligi rahbari Qahramon Ashirov ana shunday namunali fermerlarimizdan biridir.
“Ashirov Qahramon” fermer xo‘jaligida paxta yig‘im-terim jarayonlarining samarali tashkil etilishi natijasida paxta rejasi ortig‘i bilan muddatidan oldin bajarildi. 112 nafari uyushmagan aholi vakillaridan iborat bo‘lgan jami 200 nafardan ortiq terimchilarning mashaqqatli mehnati evaziga har kuni 10 tonnadan ortiq paxta xomashyosi terib olindi. Natijada fermer xo‘jaligi rejadagi 45 tonna o‘rniga 45,2 tonna paxta topshirib, rejani ortig‘i bilan bajardi.
Terim jarayonida terimchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dala boshida issiq ovqat berilmoqda. Terimchilar o‘z haqlarini belgilangan miqdorda o‘z vaqtida olganliklari ularda terimga bo‘lgan ishtiyoqni yanada oshirmoqda.
Aytish kerakki, paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish ishlariga, asosan, ishsiz hamda vaqtinchalik band bo‘lmagan aholi vakillarining jalb qilinishi natijasida ularning bandligi ta’minlanib, daromad topishlariga sharoit yaratilmoqda.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.