А
mudaryo tumanida joriy yil 8 oy holatiga 92 ta oilaviy ajrashishlar qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42 taga oshgan. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, oilaviy ajrashishlarga barham berish, yoshlarda oilaga bo‘lgan ma’suliyatni yanada oshirish bugungi kuning muhim masalasi bo‘lib qolmoqda.
Shu bois, mahallalarda istiqomat qilayotgan oilalarda umuminsoniy va milliy, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, farzandlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi Farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyatning betakror ijtimoiy tuzilmasi hisoblangan mahalla institutini aholining chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish, jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishiga har tomonlama ko‘maklashish, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha, eng avvalo, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tadbiq etish maqsadida joriy yilning 25 avgustidan 25 sentabrigacha “Oila - muqaddas, farzand - aziz!” shiori ostida targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda.
Targ‘ibot oyligi doirasida Beruniy nomli mahalla fuqarolar yig‘inida “Oila - muqaddas, farzand - aziz!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda ham oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, oilaviy nizolarning oldini olish, yoshlarda oilaga bo‘lgan ma’suliyatni oshirish, boy ilmiy-madaniy merosimiz, qadimiy urf-odat va an’analarimizni asrash, tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ruhiy-axloqiy, iqtisodiy-huquqiy munosabatlarga asoslangan ijtimoiy birlik hisoblanmish oila muqaddasligini targ‘ib qilish, har bir ota-onaning farzand tarbiyasidagi burch va ma’suliyatlarini oshirish maqsadida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bosh mutaxassisi Gavxar Chimbaychiyeva, tuman Ichki ishlar bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Gavhar Utemuratova, tuman xalq ta’limi bo‘limi psixologi Tatyana Pirlapesova, 27-sonli maktab psixologi Mavluda To‘rayeva, Beruniy nomli, Olmazor, Gulzor, Oybek nomli va Bo‘ston mahallalari fuqarolar yig‘inlari raislarining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va mazkur mahallalar xotin-qizlari, “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan, psixologik ko‘makka muhtoj ayol-qizlar ishtirok etdilar.
Targ‘ibot tadbirida tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bosh mutaxassisi Gavhar Chimbaychiyeva so‘zga chiqib, tumanda 8 oy yakunlariga ko‘ra, oilaviy ajrashishlar soni ko‘paygani o‘ta ayanchli holat ekanligini va buning oldini olishda mahallalardagi Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalarining faoliyatini yanada jonlantirish lozimligi, sud yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan nikohdan ajratishga ariza bilan murojaat qilgan er-xotinlarni yarashtirish uchun tegishli choralarni ko‘rish zarurligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, tuman Ichki ishlar bo‘limi katta inspektori, podpolkovnik Gavhar Utemuratova mahallalarda oilaviy nizolar, yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik holatlari, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi, ichkilikbozlik hamda giyohvandlik illatlariga berilishi, turli ko‘rinishlardagi huquqbuzarliklarning sodir etilishi - oilalar barbod bo‘lishining asosiy sabablaridan biri ekanligi haqida to‘xtalib, oilalar mustahkamligini ta’minlashda mahalla va oila hamkorligi, keng jamoatchilik e’tibori juda muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda tuman Xalq ta’limi bo‘limi psixologi Tatyana Pirlapesova, 27-sonli umumta’lim maktabi psixologi Mavluda To‘rayevalar ham muzokaralarda ishtirok etishib, namunali oilalarning farzand tarbiyasi borasidagi tajribalarini hamda oila a’zolari o‘rtasidagi ibratli munosabatlarini ommalashtirish, yigit va qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish, oilaning muqaddasligi haqida so‘z yuritishib, oilaviy munosabatlar buzilishining oldini olish to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Targ‘ibot oyligi doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda 27-sonli maktab psixologi Mavluda To‘rayeva ota-onalarning farzand tarbiyasidagi psixologik bilimlarini oshirish, farzand tarbiyasiga yetarli e’tibor bermayotgan ota onalarga yordam ko‘rsatishni amalga oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bordi va zarur yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi.
Risolat IBRAGIMOVA.