Bugungi kunda diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish va chek qo‘yish hamda ularni moliyalashtirish manba va kanallariga barham berishga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni belgilash, bu borada milliy va xalqaro darajada sa’y-harakatlarni birlashtirish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish maqsadida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 - 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 38-sonli maktabda yoshlarning islomga yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olish, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan targ‘ibot-tushuntirish tadbiri tashkil etildi. Tadbirda tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ulug‘bek Po‘latov maktab o‘quvchilariga islom diniga yot bo‘lgan g‘oyalar, ularning ayanchli oqibatlari va ulardan saqlanish yo‘llari haqida keng tushunchalar berib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar har bir jamiyatning eng ishongan va muhim qatlami hisoblanadi. Sababi, mamlakat ertangi kuni ularning qanday shaxs bo‘lib shakllanishlari hamda maqsadlariga bog‘liq. Aynan shu sababdan ularni zararli g‘oyalar va yot fikrlardan himoyalash dolzarbdir.
Hozirda yoshlar ongiga ta’sir qilib, ular qalbiga o‘z buzg‘unchi g‘oyalarini singdirishni yoki ularni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishni maqsad qilgan kuchlar tobora ortib bormoqda. Bu holat oddiy kompyuter o‘yinlaridan tortib internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa dasturlarida ham ochiq ko‘zga tashlanadi. Yuzaki qaraganda, arzimas tuyuladigan bu harakatlar vaqt o‘tgani sari jiddiylashib, qat’iylashib boraveradi.
Aytish kerakki, mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlashga, shuningdek, yoshlarni terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan samarali himoya qilishga qaratilgan jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada umumta’lim maktablari o‘quvchilari orasida tashkil etilayotgan targ‘ibot va tushuntirish tadbirlarining ahamiyati katta.
Targ‘ibot tadbirida o‘quvchilarga sababsiz dars qoldirmasliklari, o‘tilayotgan har bir darsni qunt bilan o‘zlashtirishlari lozimligi, maktabga o‘z vaqtida kelish va ketish zarurligi, shuningdek, har bir o‘quvchi odob-axloq qoidalariga amal qilishlari, har bir daqiqadan unumli foydalanib bilim olishlari lozimligi tushuntirildi.
Qolaversa, tinch, osuda, osoyishta hayotimizga xavf solayotgan illatlar-diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlariningina emas, balki har fuqaroning jamiyat oldidagi asosiy burchi ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilariga doimo ogoh, atrofimizdagi insonlarga e’tiborli bo‘lishlari lozimligi, shu kabi jinoiy hodisalarga duch kelib qolgan taqdirda IIB xodimlariga zudlik bilan xabar berish kerakligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilish so‘ngida mavzu yuzasidan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.