Bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlik subektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab imkoniyatlar hamda shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Joriy yilning 14 sentabr sanasida Amudaryo tuman hokimligining majlislar zalida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish, ularga har tomonlama yordam berish, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri Rinat Aytmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bosh inspektori Aybek Kamalov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar boshliqlari, korxona-tashkilotlar mas’ullari hamda tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida sohani yanada rivojlantirish borasida qator ustuvor vazifalar belgilab berilganini qayd etdilar.
Ta’kidlanganidek, Prezident mazkur uchrashuvda tadbrikorlar murojaatlarini hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi. Birinchi yo‘nalish – biznesni moliyalashtirish, ikkinchisi – soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, uchinchisi – yer ajratish, to‘rtinchisi – infratuzilma, beshinchisi – eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, oltinchisi – transport-logistika, yettinchisi – sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga qaratildi.
Tuman hokimligida o‘tkazilgan uchrashuv mobaynida tadbirkorlar tomonidan turli mazmundagi 15 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlardagi masalalar asosan elektr ta’minoti, bank-kredit, savdo qilish uchun terminal olish mazmunida bo‘lib, ko‘pchilik tadbirkorlar kredit olishda muammolarga duch kelayotganlarini, ularni hal qilishda amaliy yordam berishlarini so‘rab murojaat qildilar.
Xususan, “Maftuna-Sultonboy Qoramon” oilaviy korxonasi rahbari Mahkambek Sherjanovning elektr tarmog‘iga ulanishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati, “O‘rta qal’a chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘ulom Rasulovning parrandachilik fermer xo‘jaligiga tuman ekologiya bo‘limidan xulosa olishda amaliy yordam berish haqidagi murojaatlari tegishli mas’ullar tomonidan ko‘rib chiqilib, hal qilinadigan bo‘ldi.
Shuningdek, tadbirkorlarning bank va kredit masalalarida qilgan murojaatlari bo‘yicha tumanimizdagi tijorat banklari filiallari mas’ullariga topshiriqlar berilib, muammolar bartaraf qilinadigan bo‘ldi. Tadbirkorlar tomonidan berilgan savollarga tegishlicha javoblar qaytarildi.
Tuman hokimlining Axborot xizmati.