Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tajiyev ishtirokida yig‘ilish o‘tMa’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 11 noyabrda «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolagan edi.
Mazkur qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirish maqsadida qabul qilingan bo‘lib, uning ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 15 sentabr sanasida Amudaryo tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilish mazkur qarorda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar borasida tumanda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish hamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida tashkil etildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlar hamda banklar mas’ullari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi Bahodir Tojiyev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari 2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berganligi haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, Prezident tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida barcha sohalarni jadal rivojlantirishga oid 3 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir tumanda 2 tadan faoliyat turi o‘ziga xos «o‘sish nuqta»si sifatida belgilab berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha tumanlarni yanada rivojlantirish maqsadida ushbu «o‘sish nuqtalari» bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlariga qator imtiyozlar berilishi ko‘rsatildi. Shuningdek, rivojlanish darajasi past bo‘lgan tumanlarda yangidan tashkil etiladigan sanoat korxonalariga 3 yil muddatga soliq va bojxona imtiyozlari berilishi belgilandi.
Aytish kerakki, Amudaryo tumanida 2020-2023 yillarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturi bo‘yicha 76 ta loyihalar amalga oshirilishi hamda shu orqali 2571 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan bo‘lib, sentabr holatiga 60 ta, qiymati 88,9 mlrd.so‘mlik loyihalar amalga oshirilgan, natijada 2004 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Shundan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 15 ta, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha 21 ta, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha 24 ta loyihalar amalga oshirilgan.
Yig‘ilishda qator tadbirkorlarning sohada erishayotgan yutuqlari bilan bir qatorda muammo va kamchiliklari yuzasidan fikrlari tinglandi. Tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolar tegishli mas’ullar bilan kelishilgan holda bartaraf qilinadigan bo‘ldi.
Shuningdek, ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda senator Bahodir Tojiyev Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlarining faoliyatlari bilan tanishib, ularga aholi muammolari bilan ishlash borasida tegishli tavsiyalarni berdi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.