AMUDARYO TUMANI HOKIMLIGINING RASMIY MUNOSABATI

Туман янгиликлари

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Otadan meros qolgan Amudaryo tumani hokimining sholisi. Aholi esa suvsizlikdan qiynalmoqda” sarlavhali videolavha Amudaryo tumani hokimligi mas’ullari va tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganib chiqildi.

Jumladan, tumandagi “Allaniyazov Nurjan” fermer xo‘jaligi paxtachilik-g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan bo‘lib, fermer xo‘jaligiga davlat tomonidan shartnoma asosida ijaraga berilgan yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi.

Mazkur fermer xo‘jaligi urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun o‘tkazilgan tanlovda belgilangan tartibda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan. Fermer xo‘jaligi tumanning Amir Temir nomli ovuli hududida – “Mang‘it arna” kanalining eng quyi qismida joylashgani sababli joriy yilgi suv tanqisligi sharoitida suv bilan ta’minlashda qiyinchiliklar va uzilishlar yuzaga kelgan. Fermer xo‘jaligining videolavhada ko‘rsatilgan dalasida yetishtirilgan paxtaning sifati vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, urug‘lik uchun belgilangan talablarga javob bermasligi, shu sababli texnik paxta sifatida qabul qilinishi bo‘yicha xulosa berilgan.

Videolavhaning ayol kishi ovozi bilan sharhlangan qismida esa Oq oltin ovulidagi “Ollamberganova Gulchehra” MChJ tasarrufidagi yer maydonlari tasvirlangan. Mazkur xo‘jalik sholi hosilini realizatsiya qilish bo‘yicha “Taxiatosh don” AJ bilan, suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha esa suv iste’molchilari uyushmasi bilan shartnomalar tuzgan. Shuni aytib o‘tish kerakki, qishloq xo‘jaligi korxonalari yer yoki suv rusurslaridan amaldagi qonunlarga asosan foydalanadilar va bu vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinadi.

Videolavhadagi “Amudaryo tumani hokimi yuzlab gektar maydonga sholi ekib, boshqalarga suv bermayapti” mazmunidagi da’vo mutlaqo asossiz ekanini ma’lum qilamiz. Amudaryo tumani hokimining bevosita yoki bilvosita egaligida qishloq xo‘jaligi ekin yer maydonlariga mavjud emas.

Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimizki, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni Internet orqali tarqatish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga asosan belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

Amudaryo tumani hokimligining axborot xizmati