Yurtimizda ekin yerlaridan samarali foydalanish, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloqda fuqarolarning bandligi va farovonligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer uchastkalaridan oqilona foydalanishi holati o‘rganilib, natijalarga ko‘ra ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tashkil etishni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.
20 sentyabr kuni tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish ham aynan shu masalalarga bag‘ishlandi. Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari qo‘llab-quvatlash jamg‘armasi bosh mutaxassisi Elmurod Bozorov, Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi o‘rinbosari Dusinboy O‘tarboyev hamda boshqa tumanlardagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raislari, Agro bank, Xalq banki, Mikrokreditbank boshqarmalari mutaxassislari va tuman bo‘limlari boshliqlari ishtirok qildilar.
Yig‘ilishda hududlardagi dehqon xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan hamda tomorqa yerlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, yerlarga ishlov berilishi, urug‘lar, ko‘chatlar va daraxtlarning ekilishi, issiqxonalar qurilishi, chorva va parrandaning ko‘paytirilishi kabilar holati, bu borada amalga oshirilgan ishlar xususida so‘z yuritildi. So‘zga chiqqan mas’ullar tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi samarali chora-tadbirlar, tajribalar xususida fikr almashishdi.
Ta’kidlash joizki, Amudaryo tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan bugungi kunda aholining tomorqalardan samarali foydalanishlariga yaqindan ko‘mak va tavsiyalar berib kelinmoqda. Tumanda jami 39 ming 406 nafar tomorqa yer egalari, 295 ta dehqon xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, ularda 6652,2 gektar ekin yerlari mavjud. Mazkur yilda kelgusi yil hosili uchun 1141,2 gektar kuzgi piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarining ekilishi rejalashtirilgan.
Tumanda bugungi kunda aholi tomorqalarida 13,9 gektar tomorqa yer maydonida 1183 ta issiqxonalar tashkil qilindi. Mazkur yilda 49 ta ovul va mahallalarda aholi tomorqalarida 1-1,5 sotixli 6,3 gektar yer maydonda 486 ta ixcham issiqxonalar barpo etildi. Undan tashqari, "Bir mahalla – bir mahsulot" tamoyili asosida 2020 yilda 21 ta mahalla, 2021 yilda tumandagi jami mahallalar ixtisoslashtirildi. Joriy yilda Amudaryo tuman hokimi qarori bilan “Meva-sabzavot ishlab chiqarish kooperatsiyalari” tashkil etish uchun umumiy yer maydoni 27 gektar 2 ta ishlab chiqarish kooperatsiya tashkil qilindi.
Yil davomida tumandagi 12 ta mahallada yengil konstruksiyali “dala do‘konlari” va kichik sig‘imli muzlatkich omborxonalar qurildi. Shuningdek, tumanda shu yilgi kuz va kelasi yilgi bahor oylarida 6000 xonadonda, hovlilar oldiga masofasi 60 km. uzunlikdagi uzum ko‘chatlarini ekish ishlari rejalashtirilgan.
Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi Qaroriga muvofiq tumanda “Amudaryo tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida tomorqa klasteri tashkil etildi. Loyiha qiymati 5 mlrd. 27 million so‘mni tashkil etib, ushbu mablag‘lar maxsus jamg‘armadan imtiyozli kredit sifatida ajratildi. Mazkur tomorqa klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi natijasida endilikda 35 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, yarim gektar ko‘chat issiqxonasi barpo etiladi. Shuningdek, 3 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash va quritish quvvati tashkil etiladi. Tuman hududida 820 xonadonga ixcham issiqxona qurib berish imkoniyati paydo buladi. Undan tashqari, 40 ming bosh jo‘ja ochirish imkoniyatiga ega bo‘lgan inkubatoriya tashkil etiladi. Yiliga 1800 tonna yem tayyorlanib, 2021 yilda 13,8 ming xonadon, 2022 yilda 31,1 ming xonadon qamrab olinadi.
Yig‘ilishda mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda samaradorlikka erishish aynan tomorqa egalarining sa’y-harakatlariga bog‘liq bo‘lganligi sababli bu boradagi muammolarni tizimli hal etish lozimligi, aniq maqsadlarga qaratilgan va manzilli chora-tadbirlar ko‘rilishi kerakligiga keng to‘xtalib o‘tildi. Mazkur masalalar bo‘yicha mutasaddilar tomonidan zarur tavsiyalar, yo‘l-yo‘riqlar berilib, tomorqachilik va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida alohida e’tibor qaratish kerakligi e’tirof etildi.
O.Xudoyberganova.