Joriy yilning 20 sentyabr kuni Amudaryo tuman hokimligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, "Adolat" sotsial demokrtik partiyasi fraksiyasi rahbari, deputat Zuhra Ibragimova, Sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi deputatlari Mavluda Adhamjonova, Nuriya Aytjanovalar, shuningdek, tumandan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tumani kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, siyosiy partiya rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, imom-xatiblar, shifokorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Yig‘ilishni tuman hokimining 1-o‘rinbosari Ma’mur Temirboyev olib bordi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplatatsiyasi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasining mazmun-mohiyati hamda sohada olib borilayotgan islohotlarning aniq maqsadlari xususida so‘z yuritildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, "Adolat" sotsial demokrtik partiyasi fraksiyasi rahbari, deputat Zuhra Ibragimova so‘zga chiqib, 2021 yil 16 sentyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilimiy-amaliy tibbiyot markazining mutaxassislari va Xalmuratov nomidagi respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mutahassislari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tibbiyoti tarixida birinchi marotaba buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi muvofaqqiyatli amalga oshirilganligi ta’kidlab o‘tdi. Ushbu murakkab jarrohlik amaliyotida Amudaryo tumani Kuyuk ko‘pir ovulida yashovchi 23 yoshli O‘ktam Tursunbayevga akasi Davron Mamirovning bir buyragi muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazilgan bo‘lib, hozirda har ikkalasi yurtdoshimizning ham ahvoli yaxshi. Deputat o‘z so‘zida “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplatatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 25 ta moddadan iborat bo‘lib, ularda nazarda tutilgan asosiy tamoyillar, belgilangan vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizdagi ko‘plab davolash muassasalarida inson a’zolari va to‘qimalari bilan bog‘liq nozik va murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bunda sohaning moddiy-texnik bazasi va tibbiy kadrlar salohiyati davr bilan mutanosib ravishda takomillashtirib borilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi deputatlarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplatatsiyasi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasiga ko‘ra inson a’zolari, to‘qimalari va hujayralarining olinishi, tayyorlanishi, saqlanishi, yuborilishi va transplantatsiyasi faqat sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli ruxsatnomasiga ega davlat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan tana a’zolari, to‘qima va hujayralari boshqalar uchun xavfli kasalliklar ro‘yxatiga kiritilgan xastalikka chalingan donorga tegishli a’zolarning ko‘chirilishi taqiqlanishi kabi tana a’zolari ko‘chirilishi bilan bog‘liq boshqa ko‘plab holatlarning ham tartibga solinishi xususida ma’lumotlar keltirdilar.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan yig‘ilganlarning savollariga javoblar berildi hamda takliflar, fikr-mulohazalar tinglandi.
Tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Fahriddin Abdullayev hamda qator tajribali shifokorlar mamlakatimiz tibbiyot sohasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilayotgan mazkur qonun loyihasi yuzasidan o‘zlarining takliflarini hamda fikrlarini bildirdilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.