Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus yoshlarga oid davlat siyosatida muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda.
Joylarda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, Amudaryo tumani Bolalar-o‘smirlar sport maktabi ushbu beshta muhim tashabbusning ikkinchi tashabbusi - yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari borasida samarali faoliyat olib bormoqda.
Joriy yilning 19 sentabr sanasida tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 1-sonli maktabda badiiy gimnastika bo‘yicha Bolalar-o‘smirlar sport maktabi ochiq chempionati o‘tkazildi.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Chimboy, Taxyatosh, Xalqabod hamda Amudaryo tumanlaridan 2008 - 2017 yillarda tug‘ilgan, turli yosh toifasidagi jami 128 nafar badiiy gimnastikachi qizlar ishtirok etdilar. Musobaqa juda qizg‘in baxs-munozaraga boy tarzda o‘tdi.
Murosasiz kechgan bellashuvlarda 10 nafar hakamlar ishtirokchilarni baholab bordilar. Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra eng yuqoli ballarni egallagan 70 nafar badiiy gimnastikachi qizlar eng oliy o‘ringa munosib ko‘rildilar, 32 nafar ishtirokchilar 2-o‘rin sohibi bo‘ldilar, 23 nafar qizlar esa 3-o‘rinni egalladilar. Musobaqa sovrindorlari diplom hamda turli esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Qayd etish joizki, bugungi kunda tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabining badiiy gimnastika to‘garagi shug‘ullanuvchilari qator musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar. Ayni paytda to‘garakda jami 78 nafar bolajonlar badiiy gimastika sport turi bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. Maktabning badiiy gimnastika to‘garagida to‘rt nafar tajribali murabbiylar o‘quvchilariga ushbu sport turi sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqdalar. Ustozlarning mashaqqatli mehnatlari samarasi shogirdlar qo‘lga kiritib kelayotgan yutuqlarida namoyon bo‘lmoqda.
Badiiy gimnastika to‘garagi shug‘ullanuvchilarining joriy yilda erishgan yutuqlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, ular Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yosh yulduzchalar” turnirida 5 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medallarni qo‘lga kiritganlar. “Qish ertagi” turnirida 8 ta oltin, 5 ta kumush, 1 ta bronza medallar gimnastikachi qizlarimiz hisobiga yozilgan.
Shuningdek, to‘garak shug‘ullanuvchilari Xorazm viloyati Bog‘ot tumani ochiq birinchiligida, Navoiy shahrida o‘tkazilgan ochiq turnirda faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritganlar. Qolaversa, 15 avgust sanasida badiiy gimnastika bo‘yicha Toshkent shahar ochiq birinchiligida tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi badiiy gimnastikachi qizlari faxrli 1-o‘rinni egallab, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan qaytdilar.
Aytish kerakki, bugungi kunda mamlakat aholisining 30 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etib, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z qobiliyat hamda iqtidorlarini namoyon etishlari uchun barcha imkoniyatlar, keng shart-sharoitlar yaratilgan. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etishga yo‘naltirilgan beshta muhim tashabbus g‘oyasi bu boradagi ishlarni yangi boshqichga ko‘tarmoqda.
Charos Arslonova.