HUDUDLARDAGI YONG‘INGA QARSHI SUV OLGICH GIDRANTLARNING TЕXNIK XOLATI O‘RGANILDI

Туман янгиликлари

Yong‘inga qarshi suv olgich, ya’ni gidrantlar yong‘in sodir bo‘lganda yong‘in o‘chirish avtomashinalarni suv bilan ta’minlash va yong‘inlarni tezda bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi. Kutilmaganda sodir bo‘ladigan ushbu ofatni bartaraf etish oson kechmaydi. Shu bois ularning texnik holati sozligiga alohida e’tibor qaratilishi kerak.

Amudaryo tumani hududida jami 252 ta yong‘inga qarshi suv olgich gidrantlar mavjud. Joriy yilning 3-choragi davomida ushbu yong‘inga qarshi suv olgich gidrantlarning texnik holatini amalda o‘rganish bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar bo‘limining 3- va 4-sonli Kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlari hamda Suv tarmoqlari korxonasi bilan hamkorlikda yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

Mazkur yo‘l xaritaga asosan yong‘inga qarshi suv olgich gidrantlarning texnik holati tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limining 3- va 4-Kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlari xizmatchilari, Suv tarmoqlari korxonasi xodimlari ishtirokida amalda o‘rganilib borilmoqda. Yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan yo‘l xaritaga muvofiq davlat ahamiyatiga ega alohida ob’ektlarda yong‘in xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek yong‘in taktik-o‘quv mashg‘ulotlar va ushbu ob’ektlar rahbarlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etishga doir kompleks tadbirlar tashkil etilib, belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda.

Durunki mahallasida o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganish ishlari davomida Pahlavon Mahmud ko‘chasida joylashgan 8 dona yong‘inga qarshi suv olgich gidrantlarining texnik holati ko‘rib chiqildi. Gidrantlarda aniqlangan nosozliklar  tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi va Suv tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan joyida bartaraf qilindi.

Natijada hudud aholisining kuz-qish mavsumida uzluksiz suv bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yildi. Undan tashqari, mahalla hududidagi xonadonlarda yashovchi aholiga yong‘in xavfsizligi qoidalari, kutilmagan ofatlarning oldini olish, ehtiyot choralarini ko‘rib borish, yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan maishiy texnika buyumlarini soz holatda ishlatish kerakligi to‘g‘risida keng tushunchalar berildi.

Shuningdek, Beshtom mahallasining Beshtom aholi punktidagi mavjud 16 ta hamda Amudaryo gaz servis mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli hamda Amudaryo metan savdo mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasidagi yong‘inga qarshi suv olgichlarining texnik holati ham o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida yong‘in o‘chirish avtomashinalarining erkin xarakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi sun’iy to‘siqlar, yong‘inga qarshi suv olgich gidrantlarda nosozliklar aniqlandi. Barcha nosozliklar Suv tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan ta’mirlandi. Sun’iy to‘siqlar olib tashlandi va yong‘inga qarshi suv olgich gidrantlar soz holatga keltirilib, uzluksiz suv kelishi ta’minlandi.

Ushbu hududda ham aholi honadonlarining yong‘inga qarshi holati ko‘zdan kechirilib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berildi va yong‘inlarning, is gazidan zaharlanishning oldini olish kerakligi, aks holda xavfli hodisalarga sabab bo‘lishi tushuntirildi.

Favqulodda vaziyatlar bo‘limining Kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlari Yong‘in nazoratini va yong‘inlar profilaktikasini amalga oshirish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirishni, yong‘in zonasida qolgan odamlarni hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarishni amalga oshirishda mas’ul hisoblanadi. Shu bois ushbu xizmat xodimlari tomonidan tuman hududida tilsiz yovning oldini olish maqsadidagi tashviqot tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilib boriladi.

M.Yusupov, tuman FVB 3-Kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismi boshlig‘i.

R.Kazakov, tuman FVB 4-Kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismi boshlig‘i .