FAN OYLIGI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Hozirgi kunlarda tumanimizdagi barcha umumta’lim maktablarida fan oyligi doirasida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Tumanimizdagi Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 49-sonli umumta’lim maktabida ham mazkur tadbir belgilangan dastur asosida qiziqarli o‘tkazildi.
Maktabda “boshlang‘ich ta’lim” fan oyligi doirasida qilinayotgan ishlar, sport, bilimlar dunyosidagi erishilayotgan yutuqlar, musiqa madaniyatini rivojlantirishdagi o‘qituvchi-ustozlarning mashaqqatli mehnatlari tufayli o‘tgan bir oy ichidagi sa’y-harakatlar samarali natijalarga erishildi.
Tadbirda asosan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tadbir qatnashchilari bo‘lgan maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar, ota-onalar va taklif qilingan mehmonlar oldida o‘zlarining bilim va iqtidorlarini namoyish etdilar.
Fan oyligi tadbirini maktab direktori Shukurboy Ayimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida maktabda har bir o‘quvchining chuqur bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib  qo‘yilganligini aytib o‘tdi va yosh avlodning bilimli insonlar bo‘lib yetishishida omadlar tiladi.
Tadbirda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ijrosida qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Jumladan, 2-sinf o‘quvchilarining “Jo‘jalarim”, 3-sinf o‘quvchilarining “Kuyladim”, 4-sinf o‘quvchilarining “Bog‘” nomli, 5-sinf o‘quvchilari ijrosidagi zamonaviy raqslar barcha tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu ijrolar orqali maktab o‘quvchilarining chuqur bilim olish bilan birga musiqa, raqs san’atini ham puxta o‘zlashtirayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Boshlang‘ich sinflar fan oyligini o‘tkazishdan maqsad maktabdagi iqtidorli, qobiliyatli va ijodkor o‘quvchilarni rag‘batlantirish, ulardagi ijodiy qobiliyatni o‘stirish, ta’lim-tarbiya jarayonidagi qo‘llanilayotgan metodlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirib borishdir.
“Boshlang‘ich ta’lim” fan oyligida barcha umumta’lim fanlar bo‘yicha tadbirlar  rejalashtirilgan bo‘lib, bolalarni ushbu fanlarga qiziqtirish asosiy maqsad qilingan. Birinchi sinfga yaqindagina qadam qo‘ygan o‘quvchilar burro-burro she’rlar, qo‘shiqlar aytib, raqslar ijro etib, o‘z ustozlari ishonchini qanchalik oqlayotganini ko‘rsatishdi.
Shu maktabning birinchi sinf o‘quvchisi Gulasal Yo‘ldosheva ikki yarim yoshidan buyon sportning  badiiy gimnastika turi bilan shug‘ullanib keladi. U nafaqat tumanimizdagi, balki Nukus, Toshkent, Samarqand shaharlarida, Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan qator nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. U ustozi Nigora Yo‘ldoshevadan bilim sirlarini, murabbiy Mohira Berdiboyevadan esa gimnastika sirlarini puxta o‘rganib, o‘z mahoratini oshirib bormoqda. Ustozlari bu sportchi qizning nomdor sportchi, shu bilan birga bilimli, yetuk inson bo‘lib voyaga yetishiga katta umid bildirmoqdalar.
Mazkur tadbirda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari barcha fanlardan yaxshi o‘zlashtirayotganliklarini, shu bilan bir qatorda musiqa, sport sirlarini ham puxta o‘rganib bu boradagi mahoratlarini ham oshirib borayotganliklarini yana bir bor namoyish etdilar.
Fan oyligini o‘tkazish va bu tadbirga o‘quvchilarni  tayyorlashda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nigora Yo‘ldosheva, ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rahmatulla Ortiqovlar jonbozlik ko‘rsatdilar.

F.Avezov, maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.