KASB-HUNARLI YOSHLAR JAMIYATNI BЕZAYDI

Туман янгиликлари

Insonga umri davomida kasb-hunar va bilim doim hamrohlik qiladi. Ular bilangina hayot mukammal, to‘kis va mazmunli bo‘ladi. Hunar va bilimga ega bo‘lgan inson, albatta, jamiyatni ham bezaydi.
Yoshlarning kasb-hunar o‘rganishiga imkoniyat yaratish maqsadida tumanimizda ham Prezidentimizning “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan Amudaryo qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji negizida 2020-2021 o‘quv yilidan  Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat Universiteti tasarrufidagi Amudaryo muhandislik texnikumi tashkil etildi. Mazkur texnikumga o‘tgan o‘quv yilida 10 turdan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 173 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ushbu maskanda kasb-hunar o‘rganayotgan yoshlar ayni paytda 2-bosqichda ta’lim olishmoqda.
Texnikumning hozirgi kundagi quvvati 936 o‘rinli. Undan tashqari, 100 nafar o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona, 150 o‘rinli faollar zali, 100 o‘rinli oshxona muntazam ishlab turibdi. Ta’lim kunduzgi shaklda olib boriladi, o‘qish muddati esa 2 yil davom etadi. O‘quv muassasasiga umumta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari hamda o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan yoshlar to‘lov-kontrakt va davlat budjeti asosida qabul qilinadi.
Amudaryo muhandislik texnikumidagi o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish maqsadida zarur shart-sharoitlar yaratilgan. O‘quv-laboratoriya, ustaxona jihozlari va boshqa texnika vositalari bilan ta’minlangan. Yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv amaliyotlarini o‘tash uchun mos ravishdagi mashg‘ulot xonalari mavjud. Texnikumda o‘quv auditoriyalar soni 25 ta, fan kabinetlar va laboratoriyalar soni 5 ta, o‘quv ustaxonalari, ya’ni amaliyot xonalari 9 tadan iborat. Maskandagi kutubxonada 11300 taga yaqin badiiy va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv adabiyotlar keltirilgan. Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va servis texnik-texnologi, tashishlarni tashkil etish va transportni boshqarish, elektr stansiyalari tarmoqlari va tizimlari, veterinariya meditsinasi kabi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan yoshlar mukammal ta’lim olib, hunar o‘rganishlari uchun ushbu muassasada keng imkoniyatlar mavjud.
Joriy 2021-2022 o‘quv yilida ham texnikumda ta’limning kunduzgi shakliga 550 nafar, sirtqi shakliga 375 nafar, kechki shakliga  250 nafar,  dual  ta’lim shakliga esa 150 nafar o‘quvchi qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, qabul jarayonlari ayni paytda ham davom etmoqda.
Amudaryo muhandislik texnikumida Ozodboy Eshimbetov, Sayyora Mingboyeva,  Gulxumor Ernapasova, To‘lg‘onoy Eshmurodovalar kabi tajribali o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Sobiq Amudaryo qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida ham ulardan bilim olib, kasb va hunar o‘rgangan o‘quvchilardan 12 nafari 2017 yilda, 2 nafari 2018 yilda, nafari 2019 yilda matematika va fizika fanlaridan sovrinli o‘rinlar g‘oliblari bo‘lishgan edi.  Shaxmat bo‘yicha 2016 yilda o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston chempionatida ishtirok etgan Azimjon Rahimov 1-o‘rin g‘olibi, 2018 yilda o‘tkazilgan barkamol avlod sport musobaqalarida 2 nafar, 2019 yilda ham 2 nafar o‘quvchi sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
2017-2018 yillarda Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilgan “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” ekofestivali, “Orol dengizi baliqlaridan 99 turdagi taomlar” gastronomik festivali kabilarda o‘quvchi-yoshlar o‘z iqtidorlarini ko‘rsatib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan hurmat yorlig‘i bilan taqdirlandi. 2018-2019 o‘quv yilida esa «Kasb-mahorati» ko‘rik-tanlovida iqtidorli o‘quvchi Munisa Odilova Qoraqalpog‘istonda 1 o‘rin g‘olibi bo‘ldi va Toshkent shahrida  o‘tkazilgan O‘zbekiston bosqichida faxrli 3-o‘rinni egalladi.  
Amudaryo muhandislik texnikumida ham kelajakda samarali natijalarni qo‘lga kiritish, muassasa nufuzini ko‘tarish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan mavjud kafedralar va oliy ta’lim muassasalaridagi kafedralar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilib, o‘quv-uslubiy majmualar yaratilmoqda. O‘quv maskanida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarning kasb-hunar sirlarini mukammal o‘rganishlariga imkoniyat yaratish maqsadida mashg‘ulotlar integratsiyalashgan ta’lim usulida tashkil etilmoqda.

Ozoda Xudoyberganova.