SUD BINOSIDA SUDYA VA YOSHLAR UCHRASHUVI TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Bugungi kunda yurtimiz jamiyat hayotida yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, savodxonligini oshirish va ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash demokratik davlatimizdagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois yoshlarni huquqiy bilimli, dunyoqarashi keng, bugungi kunda tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, sud tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida joylarda sud mas’ullarining yoshlar bilan uchrashuvlari tashkil etilmoqda va bu bo‘yicha Yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda.
8 sentabr kun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi binosida tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 87-sonli 11-sinf o‘quvchilari va o‘qituvchilari bilan sud mas’ullarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi raisi Jasur O‘razboyev, Fuqarolik ishlar bo‘yicha Amudaryo tumani sudi raisi Qayrulla Atamuradovlar ishtirok etishdi.
Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni sud-huquq tizimidagi islohotlardan boxabar etish, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, sud binolarida o‘tkaziladigan ochiq sud majlisi jarayoni bilan tanishtirish maqsadidagi ushbu uchrashuvda dastlab sud sohasidagi yangiliklar va qonundagi  yangi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yoshlarga bugungi kunda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv davomida sud tizimida joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar, ularning imkoniyatlari, sud majlisi ishtirokchilarining sud majlislariga videokonferensaloqa yordamida ishtirok eta olishi, da’vo arizasi va boshqa murojaatlarini elektron shaklda taqdim etish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga fuqarolarga yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha tumanda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi raisi Jasur O‘razboyev tomonidan o‘quvchi-yoshlarga jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasini o‘tkazish tartibi, bu borada jinoyat-protsessual qonunchiligi talablari yuzasidan amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida sud raisiga o‘quvchilar sudda ishtirok etish, hujjatlar tayyorlash, sud jarayonining o‘tkazilishi kabilar xususida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar.
Undan tashqari, tadbirda ishtirok etgan Fuqarolik ishlar bo‘yicha Amudaryo tumani sudi raisi Qayrulla Atamuradov ham o‘quvchilarga fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish, murojaatlarni qabul qilish, hujjatlarni yuritish tartibi haqida batafsil huquqiy tushunchalar berib o‘tdi.
Sud raisi o‘quvchi-yoshlarga sudning vazifalari, odil sudlovning amalga oshirilishi va boshqa sud ishlariga doir masalalar haqida tushuntirishlar berib o‘tdi. Shuningdek, ularning qiziqishlari, kelajakdagi orzulari bilan ham tanishdi. Suhbat davomida aksariyat yoshlar huquq yo‘nalishi bo‘yicha turli kasblarga qiziqishlari borligini ma’lum qilishdi.
Uchrashuv davomida o‘quvchi-yoshlar tuman sudi binosi, sud majlisi zallari, xizmat va boshqa xonalari bilan yaqindan tanishtirildi.

O. Xudoyberganova.