Prezidentimizning 2021 yil 15 iyuldagi Qarori bilan tasdiqlangan 2021-2024 yillarda o‘simliklar karantini va himoyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l-xaritasi”ning 25-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan joriy yilning 20 sentabridan 5 oktabriga qadar “Dolzarb o‘n besh kunlik” deb belgilandi.
Bundan respublika hududlarida yetishtirilgan anor va xurmo mevalari tez kunlarda pishib yetilishini hamda eksport jarayonlari boshlanishini inobatga olib, urug‘ hamda danakli meva bog‘lariga jiddiy zarar yetkazadigan, eksport hajmining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan “komstok qurti” va “anor mevaxo‘ri” zararkunandalariga qarshi uyg‘unlashgan tarzda kurashni tashkillashtirish, shuningdek, bu haqda keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kabi maqsadlar ko‘zlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Amudaryo tuman bo‘limi tomonidan mazkur “Dolzarb o‘n besh kunlik” doirasida fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari hamda bog‘bonlar ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda so‘zga chiqqanlar, “komstok qurti”, “anor mevaxo‘ri” hamda qishlovga ketadigan boshqa zararkunandalar va kasalliklar manbalarini yo‘qotishga qarshi o‘tkaziladigan kurash tadbirlari bo‘yicha taklif va tavsiyalarini berishdi. Shuningdek, seminar davomida mevali daraxtlarga tutqich belbog‘larini bog‘lash usuli ko‘rsatildi hamda uning zararkunandalarni aniqlashdagi afzalligi tushuntirildi.
Xususan, mahalliy sharoitda tutqich belbog‘larning foydasi kattaligi ta’kidlandi. Tutqich belbog‘lar daraxtlardan yerga tuxum qo‘yish va keyin daraxtlarga chiqish uchun hararkatlanayotgan zararkunandalarni tutish hamda ularni yo‘q qilish maqsadida o‘rnatiladi. “Komstok qurti” tut daraxtidan tashqari, shaftoli, behi, nok, olma, tok mevalarida oz bo‘lsa ham uchrab turadi. U o‘simliklarning tanasi, poyalari, shoxlari, barglari, kurtaklari, shona, g‘uncha, gullari, mevalariga va 5-6 santimetr chuqurlikda tuproqdagi ildizlarining yuqori qismiga zarar yetkazadi. “Komstok qurti” O‘zbekistonga 1939 yilda Yaponiyadan keltirilgan tut ko‘chatlari bilan kirib kelgan.
Seminarda bu zararkunandaga qarshi kurash choralarining eng afzali biologik usuldir. “Komstok qurti”ning kushandasi bo‘lgan psevdafikusni ko‘paytirib, zararlangan hududlarga tarqatish lozim bo‘ladi. Agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish, begona o‘tlar, kuzda xazonlarni va qurigan shox-shabbalarni yig‘ishtirib, yoqib tashlash, ekiladigan yangi ko‘chatlarni maxsus xonalarda dezinfeksiya qilish shartligi tushuntirildi.
Hozirgi kunda butun O‘zbekiston Respublikasida yetishtirilayotgan anor mevalari xavfli zararkunanda hisoblangan “anor mevaxo‘ri”dan kuchli zararlanmoqda. Bu esa mamlakatimizda, shuningdek, respublikamizning barcha tumanlarida yetishtirilayotgan anor mevalarining eksportbopligini pasaytirmoqda.
“Anor mevaxo‘ri” daraxtdagi gul, shona va mevalarni butun vegetatsiya mavsumi davomida zararlaydi. Ba’zan anor daraxtlarining po‘stloqlariga ham zarar yetkazib, ularni quvvatdan ketkazib qo‘yadi.
Shu bois ushbu zararkunandaga qarshi kurash usullarini darhol qo‘llash tavsiya etiladi. Agrotexnik kurash choralarida kuzda xazon barglarini to‘plab, ko‘mish, daraxt atroflari va taglarini chopiq qilish, to‘kilgan mevalarni muntazam terib olish, daraxt taglarini oqlash yaxshi samara beradi.
Ayni paytda tumanimizda 815 gektar mevali bog‘lar mavjud. Ushbu mevazor bog‘larning 290 gektari tokzorlardan iborat 2021 yil bahorida tumanimizda yangidan 500 gektar maydonda yangi bog‘lar barpo etilib, barcha mevazor bog‘larda mavsumiy agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirildi.
“Amu anorlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Mang‘it Omad savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli anorzor va tokzorlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda tumanimizdagi dehqon va fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda bog‘bonlariga kuzgi zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish, bu zararkunandalarni qishlovga ketishdan oldin yo‘q qilish choralari hamda qo‘llaniladigan in’eksiya, bu in’eksiyalar bilan bog‘larga ishlov berish usullari hamda muddatlari amalda ko‘rsatilib berildi.
O‘z navbatida bog‘dorchilik bo‘yicha fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari hamda mevazor bog‘larga mas’ul bog‘bonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ishtirokchilarning savollariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limi mutaxassislari batafsil javob berdilar.
“Dolzarb o‘n besh kunlik” doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur ko‘rgazmali seminar tumanimizda bog‘dorchilikni rivojlantirish, ayniqsa, sifatli, eksportbop va uzum mahsulotlarini yanada ko‘paytirishga yo‘naltirilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.